O‘zA O`zbek

02.08.2018 16:33 Chop etish versiyasi

87 million dollarlik shartnoma imzolandi

87 million dollarlik shartnoma imzolandi
Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Po‘latov rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Xitoy Xalq Respublikasining Sichuan viloyatida safarda bo‘lib, hududlararo savdo-iqtisodiy, sayyohlik va boshqa munosabatlarni yanada kengaytirish yuzasidan tashkil etilayotgan uchrashuvlarda ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolamoqda.

Viloyat hokimligidan ma’lum qilishlaricha, safar doirasida surxondaryoliklar va Sichuan viloyati ishbilarmonlari ishtirokida biznes forum o‘tkazildi. Tadbirda mamlakatimiz janubidagi viloyatning qulay geografik joylashuvi, tabiiy boyliklari, iqtisodiy va eksport salohiyati, xorijliklar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik, investitsiyaviy muhit va imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Xitoylik tadbirkorlarda Surxondaryo viloyatida iqtisodiyot tarmoqlarini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, investorlar uchun yaratilgan imtiyoz, sharoit va qulayliklar, hududning o‘ziga xos tabiiy boyliklari katta qiziqish o‘yg‘otdi.

Sichuan viloyati Xitoyning zamonaviy sanoati yuksalgan hududlaridan biri sanaladi. Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Sichuandagi yirik sanoat korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishmoqda. Ikki tomonlama to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yib, hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishayotir.

Ellikdan ortiq xitoylik yirik ishlab chiqaruvchi ishtirok etgan biznes forumda Surxondaryoga sanoat va qurilish mollari, energiya tejovchi texnologiyalar, elektronika, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlash yo‘nalishlariga sarmoya kiritish istagi bildirildi. Beshta yirik sanoat korxonasi bilan 87 million dollar qiymatidagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan istiqbolli shartnoma imzolandi.

Surxondaryoliklarning Xitoydagi safari davom etmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 742