O‘zA O`zbek

01.08.2020 Chop etish versiyasi

80 ming gektardan ortiq yer kam taʼminlangan oilalarga ajratib berildi

80 ming gektardan ortiq yer kam taʼminlangan oilalarga ajratib berildi

Joriy yilda fermerlarimiz 858, 5 ming gektar maydonda dehqonchilik qilishmoqda. Shundan 303,7 ming gektarda sabzavot, 95,3 ming gektarda poliz ekinlari, 73,8 ming gektarda kartoshka yetishtirish harakatida. Olti oy yakuniga koʻra esa 327,3 ming gektarda takroriy ekinlar ekilishi taʼminlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi “Mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, 2020-yil hosili uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra 472,9 ming gektarga qishloq xoʻjalik ekinlari ekish, shundan, gʻalladan boʻshaydigan 858,5 ming gektar yerga takroriy ekinlar ekish va ulardan olinadigan mahsulotlar prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlangan.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashidan maʼlum qilishlaricha, koronavirus pandemiyasi davridagi murakkab vaziyatni hisobga olib, tomorqalardagi ochiq maydonlarda ikki marta ekin ekildi. Xususan, may-iyun oylarida toʻqsonbosti va ertaki ekinlardan boʻshagan 231 ming gektar tomorqada takroriy (oʻrtaki) ekinlar ekildi.

Ularga zarur urugʻlik, koʻchatlar, texnika, yetkazib berish, kimyoviy ishlov xizmatlarini “Tomorqa xizmati” MCHJlar bajargan boʻlsa, kam taʼminlangan va imkoniyati cheklangan xonadonlarga salohiyatli fermer xoʻjaliklari biriktirildi.

"Kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida shu yilning iyuliga qadar qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan 7,6 ming gektar yerlar ekishga tayyorlandi. Buning uchun suv taʼminoti yaxshilanib, 366 ta kooperativ tashkil etildi. Natijada 20 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 350 ming tonna qoʻshimcha mahsulot yetishtiriladi, deydi kengash vakili Ilhom Soliyev.

Bundan tashqari gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish uchun 84,2 ming gektar yer 266,3 mingta kam taʼminlangan oilaga ajratib berildi.

Bunda har bir sektorda fermer xoʻjaliklarining gʻalladan boʻshaydigan maydonlarini kam taʼminlangan, kambagʻal, ishsiz va ekin ekishga imkoniyati bor oilalar uchun kamida 20 sotixdan ajratib berish uchun tumandagi gʻalla ekilgan maydonini kamida 10 foizini qamrab olgan holda takroriy ekin ekish tashkil etilmoqda.

Kam taʼminlangan fuqarolarning gʻalladan boʻshagan maydonlarga takroriy ekin ekish ishlari Sirdaryo viloyatida 50 foiz, Andijonda 41, Navoiy viloyatida 35 foiz taʼminlangan.

Ammo Buxoro viloyatining Peshku, Kogon, Shofirkon, Gʻijduvon tumanlari, Jizzax viloyatining Arnasoy, Baxmal va Gʻallaorol tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Kasbi, Yakkabogʻ, Mirishkor, Kitob, Qarshi tumanlar, Samarqand viloyatining Narpay, Ishtixon Payariq, Pastdargʻom, Bulungʻur, Tayloq, Samarqand, Jomboy tumanlarida ekish ishlari juda sust bormoqda, deyiladi kengash xabarida.

2 599
O'zA