O‘zA O`zbek

15.05.2019 15:16 Chop etish versiyasi

8-sinf o‘quvchisi metropolitendan foydalanishda innovatsion to‘lov tizimi loyihasi ustida ishlamoqda

8-sinf o‘quvchisi metropolitendan foydalanishda innovatsion to‘lov tizimi loyihasi ustida ishlamoqda

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Barkamol avlod – Vatan faxri» ta’lim loyihasining Ekspertlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahridagi 64-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining eng yaxshi ilmiy ishlari taqdim etildi.

Mazkur loyiha 2010 yilda «Sharq ayoli» xalqaro ayollar jamoat fondi tomonidan ishga tushirilgan. 

photo5395318371295275798.jpg

– Loyiham "Subpay" deb nomlanadi va bu metropolitendan foydalanishda innovatsion to‘lov tizimi loyihasi bo‘lib, uning maqsadi to‘lov tizimini yaxshilash, – deydi Toshkent shahridagi 64-umumta’lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Kamoliddin Qahhorov. – Bilamizki, hozir metroda “jeton”lardan foydalaniladi. Bu texnologiyalar rivojlanayotgan XXI asr uchun biroz eskirgan usul. Loyiha o‘z ichiga 3 ta elementni oladi, ular to‘lov kartochkasi, mobil ilova va turneketlarga kerakli o‘zgartirishlarni kiritish. Natijada yo‘lovchi uzoq navbatlarda turib “jeton” sotib olishiga hojat qolmaydi, kartochkaga o‘ziga kerakli mablag‘ni istagan usulida to‘lab foydalanadi. Kartochkani turneketga yaqinlashtirishning o‘zi kifoya. Bu kabi innovatsion usullardan rivojlangan davlatlar foydalanishadi, bizning loyihaning afzalligi to‘lov tizimining anchayin soddalashtirilgani. Loyihani yanada rivojlantirishda ustozlarim ham maslahat bermoqda. Kelgusida axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim olishni davom ettirmoqchiman. 

Bundan tashqari o‘quvchilar taqdim etgan ilmiy ishlar orasidan "Marketing", "Baxt – bu nima?", "Mikroorganizmlar va siz", "Shovqin va inson uchun uning oqibatlari" kabi qiziq mavzulardagi loyihalar o‘rin olgan. 

Tadbirda har bir ma’ruzachining nutqi katta kizikish bilan tinglandi, ilmiy ishlarning dolzarbligi va amaliy ahamiyati baholandi. Ekspertlar kengashi a’zolari tadqiqotchilarning mexnatsevarligi va qobiliyatlarini yuksak baxoladi va loyiha ishtirokchilari diplomlar bilan taqdirlandi.

Inobat AHATOVA, O‘zA