Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.05.2018 14:39 Chop etish versiyasi

78 yoshli Musulmon Jiyanboyev urushga ketgan otasining daragini 77 yildan so‘ng topdi

78 yoshli Musulmon Jiyanboyev urushga ketgan otasining daragini 77 yildan so‘ng topdi
9-may - Xotira va qadrlash kuni

Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, 27-aprel kuni “Jomboy Kulboyevni biladiganlar bormi?”, 4-may kuni “Jiyanboy Kulboyevning farzandlari, yaqinlari topildi” sarlavhali maqolalar berilgan edi. Quyida ushbu xabarlarga sabab bo‘lgan voqealar tafsiloti bilan tanishtiramiz.

Avval xabar qilganimizdek, o‘zbekistonlik jangchining shaxsiga oid ma’lumot Rossiya Federatsiyasi Voronej viloyatilik Leonid Petrovich Barshyev rahbarligidagi iztoparlar otryadi tomonidan olib borilgan qazish ishlari davomida Lipesk viloyati Ozerki qishlog‘i yaqinidagi sobiq janggohdan 2014 yil 25 avgust kuni topilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 1942 yilda Ozerki qishlog‘i yaqinida 237-o‘qchi dviziyaning 841-o‘qchi polki jangchilari son va kuch jihatidan o‘zlaridan bir necha barobar ziyod bo‘lgan dushmanga qarshi jangda qurshovga tushib qoladi. Iztoparlar to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, polk askarlari oxirgi o‘qi qolguncha kurashib, barchasi mardlarcha halok bo‘ladi.

Ushbu jang bo‘lgan maydondagi tuproq tagidan 72 yildan so‘ng – 2014 yil avgust oyida 92 nafar jangchiga tegishli buyumlar qazib olindi. Shuncha yil yer tagida yotgan ashyolarning ko‘pi, tabiiyki, jiddiy zararlangan, xususan, askarning shaxsini tasdiqlovchi hujjat saqlanuvchi metall medalondagi ma’lumotni o‘qib bo‘lmasdi. Medalon ichidagi qog‘ozning o‘chib ketgan yozuvlari maxsus lazer apparati yordamida o‘qilganda, ulardan biri o‘zbekistonlik jangchiga tegishli bo‘lib chiqdi.

Mana u:

img183.jpg

Shaxsi aniqlangan boshqa jangchilar qatorida 1912 yilda Samarqand viloyati G‘allaorol tumani G‘ubdin qishloq sovetida tug‘ilgan, VKP(b) a’zosi Jiyanboy Kulboyevning xoki 2014 yil 11 sentyabrda Lipesk viloyati Terbun tumanidagi harbiy yodgorlikka qayta dafn etildi.

1523039643637_8.jpg

Shundan so‘ng iztoparlar otryadi o‘zbekistonlik jangchi haqida aniqlangan quyidagi ma’lumotni o‘zlarining internet saytiga qo‘yib, askarning yaqinlarini qidirishga kirishadilar.

O‘zbek jangchisi haqidagi bu xabar Ikkinchi jahon urushida bedarak ketganlarni, ularning yaqinlarini topishdek savob ishda rossiyalik iztoparlar bilan hamkorlik qilib kelayotgan Jizzax shahri Ko‘tarma mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Yuriy Vladimirovich Storojukning e’tiborini tortadi. Yuriy Vladimirovich O‘zA muxbirini voronejlik iztoparlar qo‘lga kiritgan ma’lumotdan xabardor qiladi.

Ammo iztoparlar topgan dastlabki ma’lumotlardagi ayrim noaniqliklar, jumladan, qo‘lda, oddiy qalam bilan “G‘ubdin” atamasining “Obdinskiy s/s”, askarning ismi “Jomboy” deb yozilgani unchalik ishonarli emasdi. Biz “Obdin” atamasi “G‘ubdin” ekaninitaxmin qildik. “Jomboy” ismining to‘g‘riligiga ishonmasak-da, uni shu ko‘rinishda izlashga kirishdik.

Bundan tashqari, askarning tug‘ilgan qishlog‘i ko‘rsatilmagani, 70yildan ziyod vaqt davomida joy nomlariyu manzillar, ma’muriy-hududiy chegaralar o‘zgargani qidirish ishlarini qiyinlashtirdi.

Bu haqda saytimizda “Jomboy Kulboyevning yaqinlarini bilganlar bormi?” sarlavhali maqola chop etilganidan so‘ng, sobiq jangchining yaqinlarini izlashga ko‘plab ko‘ngilli yurtdoshlarimiz qo‘shilishi ishning muvaffaqiyatiga umid uyg‘otdi. G‘allaorol tumani mudofaa ishlari bo‘limi xodimlari harbiy arxivdan 1912 yilda tug‘ilgan JiyanboyKulboyev G‘ubdin qishloq sovetidan 1941 yilda harbiy xizmatga chaqirilgani haqida topgan ma’lumoti qidiruvni osonlashtirdi. Afsuski, bu hujjatda askarning qaysi qishloqdan ekani ko‘rsatilmagan edi.

Urushda shahid bo‘lgan jangchining oilasini topishda faol ishtirok etgan turli yoshdagi, turli kasb egalari o‘z qishlog‘idan, boshqa hududlardan tanishlari, qarindoshlari orqali biz izlayotgan odamlarni surishtirib berishdi. Ko‘ngilli izlovchilar G‘allaorol tumaniqishloqlaridagi, hatto qo‘shni tumanlardagi Kulboyev, Jiyanboyev ism-familiyali shaxslar orasidan bizni qiziqtirayotgan oila to‘g‘risida ma’lumot to‘plashi besamar ketmadi.

G‘allaorol tumani markazidagi “Umid” xususiy dorixonasi mudiri Xidirboy Ergashev qo‘ng‘iroq qilib, Jiyanboy Kulboyev 40-50 yillarda G‘ubdin qishlog‘i tarkibida bo‘lgan Moltob qishlog‘idan ekanini, urushga ketgan paytda Musulmon ismli bir yoshli o‘g‘li bo‘lgani, hozir uBaxmalsoy qishlog‘ida yashashini xabar qildi.

Biz izlayotgan oilaning yagona vakili aynan shu kishi ekan.

Otasi haqidagi xabar 78 yoshli Musulmon Jiyanboyevni esankiratib qo‘ydi. U telefon monitoridan saytimizda berilgan otasi haqidagimateriallarni o‘qir ekan, ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi. Otasi qabri tasvirlangan suratlarni tavof qilar, lekin xayajondan gapirolmasdi.

Otasi urushga ketgan 1941 yilda Musulmon bir yoshdan sal oshgan edi. Ulg‘ayib, otasi Jiyanboy Kulboyev 29 yoshida urushga ketganini, ungacha qishloq faollaridan bo‘lganini onasi Suymaxol momodan eshitgan.

Tirikchilik, yashash katta muammoga aylangan davrda bedarak ketgan askarning bevasi Suymaxol kelin bo‘lib tushgan Moltobdan Baxmalsoydagi ota uyiga o‘g‘li bilan qaytib kelishga majbur bo‘lgan. Musulmon shu qishloqda voyaga yetdi.

U esini tanigandan buyon otasini kutib, jilla qursa uning taqdiri haqida biror xabar eshitishga zor bo‘lib yashadi. Ammo urush yillarida, urushdan keyin ham otasidan yoki uni bilgan-ko‘rganlardan na bir xat va na bir xabar bo‘lmadi.

Voyaga yetib, millionlab bolalarni otasidan ajratgan mudhish urush haqida eshitganlari, o‘qiganlari, bilganlari ham uning qalbida otasini ko‘rish yoki uning taqdiri haqida biror xabar eshitish umidini so‘ndirmadi.

U ham boshqalar qatori qishloq maktabida o‘qidi, yoshligidan kolxozda, paxta dalasida ishladi. 1959 yilda yettinchi sinfni birgach, avtomaktabda shofyorlik kasbini o‘rgandi. Harbiy xizmatni Uzoq Sharq dengiz flotida o‘tadi. Xizmatdan qaytgach, Jizzax shahridagi 22-avtobazada shofyorlik qilishni davom ettirdi. Uylandi. Turmush o‘rtog‘i Maqsuma opa bilan to‘rt o‘g‘il, ikki qizni voyaga yetkazdi. O‘g‘illarini uylantirdi, qizlarini turmushga uzatdi. Bugun 20 nabiraning bobosi, farzandlari kamolidan ko‘ngli to‘q.

Ammo uni bolalikdagi armon, ota mehriga zorlik hech qachon tark etmadi. Ayniqsa, 70 dan oshib, 80 ga yaqinlashgani sari qalbining tubida “nahotki, men otam haqida xech narsa bilmay o‘tib ketaman”, degan xavotir kuchaydi.

Otasi urushga ketgandan so‘ng oradan 78 yil o‘tib, 2017 yilning 4 may kuni uning hayotida kutilmagan voqea ro‘y berdi. Jiyanboy Kulboyev yaqinlarini qidirishda qatnashgan Yuriy Vladimirovich Storojuk, moltoblik Xidirboy Ergashev, Jizzax politexnika instituti o‘qituvchisi, matematika fanlari nomzodi Abdumannon Musayev, nafaqadagi shifokor Umrzoq Elmurodov, mahalliy nashrlarning muxbirlari Ikkinchi jahon urushida bedarak ketganlar ro‘yxatidagi askar Jiyanboy Kulboyevning o‘g‘li Musulmon Jiyanboyevga otasidan so‘nggi xabarni olib kelishdi.

–Otamni harbiy idoralar orqali ko‘p izladim, – deydi Musulmon Jiyanboyev. – Otam haqida biror xabar topishdan umidim ham uzilgan edi. Buning ustiga keksalik, dardmanlik to‘shakka mixlab qo‘ydi. Shunday paytda yaxshi odamlar tufayli otamning xoki tuproqqa qo‘yilgani haqidagi xabar o‘ksik qalbimga taskin bo‘ldi. Otamning xokini qabrga qo‘ygan, meni qidirib topgan barcha olijanob odamlarga mingdan ming rahmat.

U umrbod kutgan, bilishni istagan xabarni eshitdi. Afsuski, bu xabar ota mehriga bir umr zor yashagan insonga quvonch ham, yupanch ham bo‘lolmaydi. Yetmish yillik ayriliqning ota-bola g‘oyibona bo‘lsa-da, diydorlashuvi bilan xotimalanishi Musulmon aka uchun ham, bunga sabab bo‘lgan kishilar uchun ham bir taskin edi, xolos. Biz,bu ota-bolaning g‘oyibona diydorlashuvida mash’um urush insoniyat hayotida bitmas jarohat qoldirganiga yana bir bor shohid bo‘ldik.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
3 176