O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

72 nafar xufiyona tadbirkor faoliyati qonuniy yo‘lga qo‘yildi

72 nafar xufiyona tadbirkor faoliyati qonuniy yo‘lga qo‘yildi

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida 72 nafar fuqaro tegishli hujjatlarsiz, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlangandi. 

O‘tkazilgan tushuntirish ishlaridan so‘ng ularning barchasi davlat ro‘yxatidan o‘tib, yakka tartibda tadbirkorlik bilan qonuniy shug‘ullanishga kirishdi.

Uyda turli pishiriqlar tayyorlab sotish, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, maishiy texnika buyumlarini sozlash, tikuvchilik, savdo-sotiq kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarning ko‘pchigi soliq idorasi ro‘yxatidan o‘tish daromadning bir qismini yo‘qotish deb tushunishadi.

Soliq inspeksiyasi xodimlari ularga mamlakatimiz qonunchiligida tadbirkorlar huquqini, mulkini himoya qilish, yaratilgan imkoniyat va qulayliklar, qonuniy faoliyat ko‘rsatishning afzalliklari haqida batafsil tushuntirishlar bergandan yakka tartibda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishga rozi bo‘lishdi.

Shuningdek, yilning o‘tgan davrida tuman soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida turli sabablar bilan faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan yakka tartibda tadbirkorlarga amaliy yordam va yo‘l yo‘riqlar berilganidan so‘ng ulardan 110 nafari o‘z ishini qaytadan boshladilar.

***
Jizzax viloyati soliq organlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yilning 7 oyi davomida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan 17 milliard 792,7 million so‘mlik soliq qarzdorliklari undirildi.

Xususan, “Doʻstlik paxta tozalash” aksionerlik jamiyatining 3 milliard 128,9 million so‘m, “Uchtepa paxta tozalash” aksionerlik jamiyatining 1 milliard 190,0 million so‘m, “Zarbdor paxta tozalash” aksionerlik jamiyatining 1 milliard 26,1 million so‘mlik soliq qarzi bo‘yicha mablag‘lar budjetga tushirildi.

Shuningdek, Jizzax shahridagi “Jizzax don mahsulotlari” aksionerlik jamiyatining soliq qarzi yuzasidan 4 milliard 14,6 million so‘m mablag‘ iqtisodiy sudning ijro varaqasiga asosan Majburiy ijro byurosi tomonidan xatlangan non pishirish sexi binosi va “ Lasetti” avtomashinasi auksion savdosi orqali sotilib, qarzning 242,9 million so‘mi undirildi.

Natijada Do‘stlik, Zafarobod, Paxtakor, Zomin, Arnasoy, Yangiobod tumanlari va Jizzax shahrida soliq qarzi sezilarli kamayishiga erishildi.

To‘lanmagan soliqlarni majburiy tartibda undirish davom ettirilmoqda, deb xabar berdi viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.

3 015
Toshqul Beknazarov, O‘zA