O‘zA O`zbek

20.08.2018 21:54 Chop etish versiyasi

7 oyda “O‘zmilliybank” bo‘lim va filiallari kassalariga 4 247,3 milliard so‘m naqd pullar kirim qilingan

7 oyda “O‘zmilliybank” bo‘lim va filiallari kassalariga 4 247,3 milliard so‘m naqd pullar kirim qilingan Milliy matbuot markazida Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan tashkil etilgan navbatdagi anjuman pul muomalasini takomillashtirish va plastik kartochkadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.

Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari A.Kuramboyev va boshqalar mamlakatimizda pul muomalasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat tizim faoliyatida, balki mijozlar uchun katta qulaylik yaratilishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Bunday ishlar samarasi o‘laroq, joriy yilning 7 oyi davomida “O‘zmilliybank” bo‘lim va filiallari kassalariga 4 247,3 milliard so‘m naqd pullar kirim qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2500 milliard so‘mga yoki 243 foizga o‘sishga erishilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 fevraldagi “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha barcha turdagi ish haqi, pensiya nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar o‘z vaqtida mijozning birinchi talabiga muvofiq mazkur bank tomonidan moliyalashgan manbalar doirasida oyma-oy to‘liq to‘lab berilmoqda. Jumladan, talablar asosida har oyda 17 ta olis va tog‘li tumanlardagi byudjet korxonalarining ish haqi to‘lovlari to‘liq naqd pulda, 8 ta oliy ta’lim muassasalari talabalari stipendiyalarining kamida 50 foizi naqd pulda to‘lanayotir.

Qayd etilganidek, plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz to‘lov tizimlarini yanada rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil 1 avgust holatiga ko‘ra, muomalaga chiqarilgan onlayn bank plastik kartochkalar soni 1 956 453 tani tashkil etadi. Ularning 1 829 998 tasi milliy valyutadagi va 126 455 tasi xalqaro valyutadagi to‘lov plastik kartochkalardir.

– Joriy yilning birinchi avgust holati bo‘yicha mijozlar uchun 332 ta infokiosk o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali uyali aloqa, kommunal xizmatlar, kredit, byudjet va boshqa to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan, – dedi “O‘zmilliybank”ning chakana operatsiyalar departamenti direktori Mahmayusuf Nabiyev. – Bank tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan bankomatlar soni 130 ta, ularning 22 tasida xalqaro plastik to‘lov kartalari qabul qilinadi. Mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida joriy yil yana 85 ta, 2019 yilda 200 ta bankomat o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda ushbu bank tomonidan o‘tgan yil “Milliy” mobil ilovasi taqdim etilgani va uning qulayliklari, shuningdek, joriy yil mijozlarga havola etilayotgan mablag‘larni kartadan kartaga o‘tkazish xizmatlari, “elektron hamyon” loyihasi, “oilaviy” karta xizmatlari va ularning afzalliklari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 706