O‘zA O`zbek

23.08.2018 10:58 Chop etish versiyasi

675 million so‘m kredit mablag‘i evaziga zamonaviy 2 qavatli bino

675 million so‘m kredit mablag‘i evaziga zamonaviy 2 qavatli bino
Bugungi kunda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor tufayli davlat davolash muassasalari va xususiy klinikalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti vujudga kelib, bu o‘z navbatida soha rivoji hamda joylarda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuksalishida muhim omil bo‘lmoqda.

Xususan, Navoiy viloyatining Karmana tumanida faoliyat boshlagan “Giyoh” xususiy korxonasida tibbiy xizmat turi kengaytirilishi natijasida bemorlarga tashxis qo‘yish, tahlillar olish va davolash imkoniyatlari yaratildi. O‘tgan yili tijorat bankidan muassasaning qurilishi hamda jihozlash ishlariga 675 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilib, zamonaviy 2 qavatli bino bunyod etildi. Ayni paytda tibbiyot maskanida 9 nafar malakali xodim tomonidan aholiga 10 turdagi sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda.

– Dastlab faoliyatimizni dorixona yuritishdan boshlaganmiz, – deydi xususiy korxona rahbari F.Hakimova. – Tibbiy markazimizda laboratoriya, nevrologiya, pediatriya, klinik tahlil va boshqa xizmatlar ko‘rsatiladi. Muolajalar ham shu yerda o‘tkazilib, shinamgina 2 kunduzgi davolash xonasi ishlab turibdi.

Muassasada “Ustoz-shogird” an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Har yili bu yerda Navoiy tibbiyot kollejining o‘nlab bitiruvchilari amaliyot o‘taydi. Sohaga endigina kirib kelayotgan mutaxassislarga malakali xodimlar biriktirilib, ular yoshlarga bor bilim va tajribalarini o‘rgatishadi.

Klinikadagi fitobarda mijozlar uchun quvvat bag‘ishlovchi, tetiklantiruvchi hamda tinchlantiruvchi damlama, choylar tayyorlanadi. Ayniqsa, bemorlarda xalq tabobati – zuluk yordamida muolaja o‘tkazish ham yaxshi samara berayotir. Fizioterapiya xonasida umurtqalararo disk churrasini davolash uchun maxsus trayeksion ya’ni, umurtqani cho‘zib, tortib davolashga mo‘ljallangan maxsus karavot o‘rnatilgan. Magnitoterapiya, ingalyatsiya, elektrofarez, darsanval, lazer asbob-uskunalari vositasida fizioterapevtik muolajalar olib boriladi.

Muxtasar aytganda, yurtmizda soha vakillariga belgilab berilayotgan ustuvor vazifalarning hayotga tatbiq etilishi har bir tibbiyot xodimidan yuksak mas’uliyat talab etadi. Buning samarasida sohada olib borilayotgan tizimli ishlar o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
1 767