O‘zA O`zbek

23.04.2019 20:48 Chop etish versiyasi

60 foiz chiqindi qayta ishlanadi

60 foiz chiqindi qayta ishlanadi

Hozirgi vaqtda qishloq aholi punktlarida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan “2019-2028 yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi: chiqindilarni saralash va qayta ishlash sohasini rivojlantirish vazifalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida tizimda amalga oshirilgan islohotlar, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sogʻligʻiga zararli taʼsirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yigʻish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish tizimini yanada takomillashtirish sohasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 57 foizi maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish boʻyicha sanitar xizmatlar bilan toʻliq qamrab olingan. 2017-2018 yillarda qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimi infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha 13 ta sanitariya jihatidan tozalash davlat unitar korxonasi hamda ularning tuman va shaharlardagi 172 ta filiali, shuningdek, umumiy quvvati yiliga 894 ming tonna chiqindilarni qayta ishlash imkonini beruvchi 183 ta xususiy korxona va 9 ta klaster tashkil etildi.

Hozirgi vaqtda qishloq aholi punktlarida qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan. Mazkur xizmatlar, ayniqsa, uzoq qishloq aholi yashash punktlarida deyarli mavjud emas. Muxtasar aytganda, qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilma qoniqarsiz holatda.

Qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va koʻmish boʻyicha samarali hamda ijtimoiy maqbul kompleksli xizmatlarni yaratish, ularning fuqarolar sogʻligʻi va atrof muhitga zararli taʼsirini bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 apreldagi qarori bilan 2019-2028 yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasi tasdiqlandi. Strategiyaning tatbiqi asnosida belgilangan davrga kelib aholi 100 foiz sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi, chiqindilarni qayta ishlash darajasi 60 foizga yetkaziladi.

Tadbir doirasida chiqindilarni boshqarishning kompleks tizimini samarali tashkil etishda davlat va xususiy korxonalar bilan birga aholining ham faol ishtiroki yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishga doir kelishuvga erishildi.

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA
751