O‘zA O`zbek

05.01.2018 18:23 Chop etish versiyasi

6 qishloqning 20 mingdan ortiq aholisi uchun yangi oilaviy poliklinika ish boshladi

6 qishloqning 20 mingdan ortiq aholisi uchun yangi oilaviy poliklinika ish boshladi Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi "Xalqobod" mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi 2018-yilni o‘zgacha quvonch bilan qarshi oldi. Mahallada yangi oilaviy poliklinika ish boshladi.

3.jpg

Bir necha yildan buyon qarovsiz, tashlandiq holda yotgan ikki qavatli binoda “Chiroqchi dolgoplyus” xususiy qurilish korxonasi tomonidan qariyb 400 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, poliklinikaga ixtisoslashtirildi. Xonalar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, tekshiruv apparatlari bilan jihozlanib, kadrlar zaxirasi mustahkamlandi.

1.jpg

Ayni paytda yangi muassasa imkoniyatlaridan hududdagi 6 qishloqning 20 mingdan ortiq aholisi foydalanmoqda. Ularga umumiy amaliyot shifokori, terapevt, jarroh, pediatr, ginekolog, stomatolog kabi 10 nafar malakali shifokor va 60 dan ziyod hamshira tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

5.jpg

– Mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi yangi tashkil etilgan 43-oilaviy poliklinika bosh shifokori I.Himmatov. – Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qishloq vrachlik punktlari optimallashtirilib, ular negizida qishloq oilaviy poliklinikalari barpo etilmoqda. "Xalqobod", "Yangiobod", "Batosh" va "Mo‘minobod" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida faoliyat yuritgan qishloq vrachlik punktlari negizida tashkil etilgan muassasamiz ishga tushishi bilan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yanada kengaydi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida poliklinikaning ish vaqti ertalab soat 8 dan kechqurun soat 20 gacha qilib belgilangan. Shuningdek, tez tibbiy yordam shoxobchasining bu yerga ko‘chirilgani tibbiy xizmatni uzluksiz, tunu kun tashkil etish imkonini yaratdi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
13 175