O‘zA O`zbek

09.08.2019 Chop etish versiyasi

6 oyda 713 ta maʼmuriy va jinoiy holatlar fosh etildi

6 oyda 713 ta maʼmuriy va jinoiy holatlar fosh etildi

Kommunal sohada toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning 6 oyida muayyan ishlar amalga oshirildi. 

Xususan, energiya resurslari, suv va maishiy chiqindilar boʻyicha qarzdorlarga joriy yilning oʻtgan 6 oyida 60 ming 513 ta majburiy talabnomalar berilib, qarzdor yuridik shaxslarning bankdagi hisob raqamlariga 10 ming 271 ta inkassa topshiriqnomalari qoʻyilgan. 336 ta talabnoma-daʼvo ishlari yuritilib, jamoat taʼsir choralarini qoʻllash haqida 235 ta taqdimnoma kiritilgan.

Hisob-kitoblarni oʻz vaqtida amalga oshirmagan 992 isteʼmolchi tarmoqdan uzilgan.

Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida energiya resurslari, suv va maishiy chiqindidan jami 270,3 milliard soʻm undirilib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga koʻpaydi.

Bu davrda aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida 1 ming 887 ta targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Jami 713 ta maʼmuriy va jinoiy holatlar fosh etilib, aybdorlarning javobgarlik masalasi hal qilindi.

Shuningdek, ijro hujjatlarining qonunda belgilangan muddatlarda hal etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilib, ish yurituvga kelib tushgan 40 ming 356 ta ijro hujjatlari “MIB portal” elektron tizimiga kiritildi.

Jami 68 ta mol-mulklar realizatsiya qilish uchun “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga joylashtirildi.

Natijada ijro sohasida 125,6 milliard soʻm, shu jumladan soliq qarzdorligi yuzasidan 60,4 milliard soʻm, yaʼni oʻtgan davrga nisbatan 23 foizga koʻp mablagʻ undirilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning 2 ming 48 ta murojaati koʻrib chiqilib, 1 ming 48 tasi qanoatlantirilgan.

4 881
Nuriddin RAHIMOV, OʻzA