O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

50 qop moshni oʻgʻirlagan “shovvozlar” jazolandi

50 qop moshni oʻgʻirlagan “shovvozlar” jazolandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani “Saraykoʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi fermer xoʻjaligining omborxonasidan 36 qop mosh oʻgʻirlagan Xorazm viloyati fuqarolari 1983-yilda tugʻilgan J.T. va 1992-yilda tugʻilgan C.K. sud tomonidan tegishli jazosini oldi.

Bu haqda jinoyat ishlari boʻyicha Xoʻjayli tuman sudi raisi Ibrayim Allaniyazov maʼlum qildi.

Sud jarayonida taʼkidlanganidek, fuqaro J.T. muqaddam, yaʼni 2011-yil 22-mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Xonqa tumani sudining hukmiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan aybli deb topilib, ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolish yoʻli bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari boʻyicha Urganch tumani sudining 2012-yil 30-yanvar kungi ajrimi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2011-yil 5-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʻn toʻqqiz yilligi munosabati bilan Amnistiya toʻgʻrisidagi qarori 2-bandiga asosan jazodan ozod qilingan. Ammo, bundan tegishli xulosa chiqarmasdan, yana jinoyat sodir etgan.

Jumladan, sherigi S.K. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, oʻtgan yilning 25-dekabridan 26-dekabriga oʻtar kechasi “Saraykoʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududidagi fermer xoʻjaligining omborxonasidan har biri 50 kilogramm boʻlgan 36 qop moshni oʻgʻirlab, fermer xoʻjaligiga 12,6 million soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazgan.

U oʻn yildan buyon mazkur ovul fuqarolar yigʻini hududida dehqonchilik qildi. Tuzini yeb, bola-chaqasini boqdi. Oxir-oqibat aholining ishonchiga kirib, ana shunday jinoyatga qoʻl urdi. Sherigiga tegishli boʻlgan “Matiz” rusumli avtomashina bilan oʻziga avvaldan tanish boʻlgan ovuldagi fermerning omborxonasidagi moshni oʻgʻirlash uchun Xorazmdan yoʻlga chiqdi. Soat 19.00 chamasida Nukus shahridagi avtovokzalga kelib, kunning botishini kutib oʻtirdi. Tungi soat 23.00 larda omborxonaga kelib, moshni avtomashinaga yuklay boshlaydi.

Hammasini birdaniga olib ketishning iloji yoʻq. Shuning uchun ham 12 qopni yuklab, ushbu hududda istiqomat qiluvchi eski tanishining uyiga olib boradi. Hech nimadan xabari boʻlmagan tanishi bozorda don savdo-sotigʻi bilan shugʻullanib yurgan ukasini chaqiradi. Ammo ukasi nimadandir gumonlangan holda “bular oʻgʻirlik emasmi, ertaga boshimiz baloga qolmaydimi” desa, “yoʻq, oʻzimizning dehqonchiligimiz, ovulga olib keta olmadik, shu yerda pullab ketmoqchimiz”,-deya ishontiradi.

Ertasiga fermer xoʻjaligi rahbari omborxonasidan mosh oʻgʻirlanganidan xabar topadi. “Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yildan keyin ham oshkor boʻladi”,-deganidek, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan oʻgʻirlik jinoyati tezda fosh etiladi.

Sud jarayonida fuqaroviy daʼvogar sifatida ishtirok etgan S.O. 2019-yil 15-dekabr kuni sudlanuvchi S.K. ga tegishli boʻlgan “Matiz” rusumli avtomashinasini jami 25 million soʻmga sotib olishga kelishganini, shundan 15 million soʻm pulni berganini, bu haqida tilxat ham olganini bildirdi. U yangi yildan keyin qolgan 10 million soʻm pulni olib, avtomashinani nomiga rasmiylashtirib berishini aytdi. Shu bois avtomashinasini olishda yordam berishni soʻradi.

Sudlanuvchilar J.T. va C.K. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 2-qismining “v,g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topildi va ularga adolatli jazo tayinlandi. Jinoyat quroli–sudlanuvchi S.K.ga tegishli boʻlgan “Matiz” rusumli avtomashina davlat egaligiga oʻtkazildi.

2 406
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA