O‘zA O`zbek

13.08.2018 19:57 Chop etish versiyasi

50 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi

50 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi “Zarchabek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tikuvchilik sexi ish boshladi.

Tomyopqich plitasi va boshqa qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Alibek” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil etilgan sexda 50 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.

Loyihani amalga oshirishda tuman xotin-qizlar qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlashi asosida tijorat bankidan ajratilgan yillik 4 foizli, uzoq muddatli 220 million so‘mlik kredit qo‘l keldi. MCHJning ham 100 million so‘mdan ortiq mablag‘i yo‘naltirildi.

Katta binoda joylashgan sex 50 ta zamonaviy tikuv mashinasi va boshqa zarur mebellar bilan jihozlangan. Bu yerga “Zarchabek” MFY va yaqin atrofdagi hududlarda yashovchi kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalardan xotin-qizlar ishga qabul qilindi.

– Bir necha yil farzandlarim tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ldim, – deydi “Do‘rmon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Umida Saidova. – Oxirgi bir yilda o‘zimga mos ish qidirdim, topolmadim. Qo‘shni mahallada mana shunday zamonaviy tikuvchilik sexi ochilgani yaxshi imkoniyat bo‘ldi.

Jamiyat rahbariyati istiqbolda sex yaqinida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi qurishni rejalashtirgan. Demak, kichkintoy farzandlari bo‘lgan tikuvchi ayollar, hududda yashovchi aholi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratiladi. Eng muhimi, yana o‘nlab ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) O‘zA
2 500