O‘zA O`zbek

12.09.2018 19:13 Chop etish versiyasi

5 sutkalik qamoq jazosi tayinlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisi jamoat transporti uchun moʻljallangan joyni oʻz avtomashinasi bilan toʻsib qoʻyganligi aks etgan video tarqaldi.

Shuningdek, haydovchi “Toshtransdispetcherxizmat” unitar korxonasi vakilining eʼtiroziga eʼtibor bermay, qoʻpol tarzda ayol kishini haqorat qilib, uning qoʻlidan mobil telefonini tortib olmoqchi boʻlgan. Buni eplay olmagach, unga qoʻl koʻtargan. Ushbu fakt boʻyicha Toshkent shahar IIBB tomonidan chora koʻrildi. Huquqbuzar Zangiota tumanida yashovchi 26 yoshli H.M ismli fuqaro ekanligi aniqlandi.

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, haydovchi qoʻlga olinib, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalari asosida bayonnomalar tuzildi.

Bundan tashqari, “Toshtransdispetcherxizmat” unitar korxonasi rahbariyatining arizasiga asosan Shayxontoxur tumani Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudi tomonidan H.M Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik amalga oshirganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 5 sutka muddatiga maʼmuriy qamoq koʻrinishidagi jazo tayinlandi.

OʻzA
1 807