Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2018 18:54 Chop etish versiyasi

5 ming 276 ta muammo qanday bartaraf etildi?

Ma’lumki, respublikamizning barcha viloyat, tuman va shahar huddudlarida hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq idoralarining hududiy organlari rahbarlari boshchiligida sektorlar tuzilgan.

Xorazm viloyat to‘rtinchi sektoriga biriktirilgan hududlarda, ya’ni Qo‘shko‘pir, Xiva tumanlari va Xiva shahrida 390 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bugungi kunga qadar sektor xodimlari 65 ming xonadonga kirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishi jarayonida ichimlik suvi, yo‘l ta’miri, elektr, tabiiy gaz, ko‘mir ta’minoti, sog‘liqni saqlash sohasi va boshqa masalalardan iborat 5 ming 276 muammo aniqlandi. Mazkur muammolarning 4 ming 861 tasi tumanlarning o‘zida, 367 tasi viloyat doirasida, 48 tasi mamlakat darajasida hal etiladigan muammolar bo‘lib, ularning aksariyati bartaraf qilindi. O‘z yechimini kutayotgan 580 muammo 2018-yil “yo‘l xaritasi”ga kiritilib, mamlakat darajasidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralarga yuborildi.

Sektor boshliqlari uyma-uy yurib, xalq bilan yaqindan muloqot qilishi samarasida ularni qiynayotgan muammolarning 92 foizi Qo‘shko‘pir, Xiva tumanlari hamda Xiva shahrining to‘rtta sektori boshliqlari va tumandagi mutasaddi korxona-tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikda ijobiy bartaraf qilindi.

Aytish joizki, mazkur hududlarda qisqa muddatda ichki yo‘llarni asfaltlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, obodonlashtirish, tomorqa dehqonchiligini rivojlantirish ishlari uyushqoqlik bilan bajarildi. Natijada 32 kilometrlik ichki yo‘llar ta’mirlanib, 16,5 kilometr masofaga ichimlik suvi quvurlari tortildi. Buning samarasida 1 ming 656 xonadonda toza ichimlik suvi muammosi bartaraf etildi.

Sektorlarda kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish kabi masalalar bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, sektor hududida istiqomat qilayotgan 126 yosh oila, 35 nafar yolg‘iz qariya, 18 nafar nogiron bola, 143 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar va pensionerlarga shifoxonada davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma berildi. Ularning sharoitidan kelib chiqib, zarur dori-darmonlar bilan ta’minlanishi yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.

Xiva tumani Chinobod qishlog‘ida yashovchi 35 yoshli fuqaro Umrbek Matyoqubovning bundan uch yil oldin baxtsiz hodisaga uchragani tufayli umurtqa pog‘onasi shikastlangan va oyoqlari falaj bo‘lib qolgan. Uning 4 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, ijtimoiy himoyaga muhtojligi aniqlanib, Umrbek Matyoqubov viloyat shifoxonasida bepul davolanishi uchun barcha sharoit yaratib berildi, farzandlari maktab formasi, o‘quv-qurollari bilan ta’minlandi.

Sektorlar faoliyatida aholi bandligini ta’minlash hamda bu sohada uchrayotgan muammo va to‘siqlarga yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2017-yil davomida tumanlarda o‘tkazilgan mehnat yarmarkalarida 100 dan ortiq aholi doimiy ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy yordam ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari yaratish, Qo‘shko‘pir va Xiva tumanlarida soliq bazasini kengaytirish bo‘yicha 2017-yilning aprel-dekabr oylarida 1000 ga yaqin fuqaro yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Natijada davlat byudjetiga 2 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumi ta’minlandi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, 2017-yil yozida Xiva tumanidan ehtiyojmand oila farzandlarining 150 nafari Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridagi oromgohlarda dam oldirildi.

Yosh avlodning ma’naviy kamolotini yanada yuksaltirishga amaliy ko‘mak berish maqsadida kam ta’minlangan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarining Xiva, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlariga sayohati uyushtirildi, ularning uyida shaxsiy kutubxonalar tashkil etildi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan amaliy ishlar yurtdoshlarimizda bugunidan shukronalik va ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamladi. Turli sohalardagi muammolarni joyida hal etishning zamonaviy va samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, ayniqsa, kam ta’minlangan va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga arzon uy-joylar berilgani xalqimizning davlatga ishonchini yanada yuksaltirdi.

Jahongir Temurov,
Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i,
viloyat to‘rtinchi sektori rahbari.

O‘zA
2 111