O‘zA O`zbek

20.08.2018 14:45 Chop etish versiyasi

5 million so‘mlik kitoblar sovg‘a qilindi

5 million so‘mlik kitoblar sovg‘a qilindi
Asrlar davomida o‘z bag‘rida olam-olam sirlarni yashirib kelayotgan viqorli tog‘lar, bepoyon dalayu dashtlar, ko‘rkam bog‘-rog‘lar, zilol chashmalar, inson ruhiyatiga orom beruvchi dilbar tabiat – So‘x tumanining o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lib kelmoqda.

Garchi poytaxtdan olisda joylashgan bo‘lsa-da, ko‘p millatli so‘xliklarning kengfe’li, samimiy mehmondo‘stligi, mehnatkash va tantiligi ularga bo‘lgan hurmat va ehtiromni doimo oshiradi. Bugun bu yerda o‘zaro totuvlik, millatlararo do‘stlik va ahillik muhitida 76 mingdan ziyod aholi osuda va tinch hayot kechirishmoqda.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tuman jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishish va ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, aholining yuksak iste’mol madaniyatini oshirish bo‘yicha qilinayotgan ko‘lamli ishlarni o‘rganish maqsadida Federatsiya raisi J.Sarimsoqov Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida bo‘ldi.

Federatsiya rahbari mahallalarda bo‘lib, tuman aholisi bilan muloqotlar o‘tkazdi. Tuman hokimi Farrux Usarov bilan uchrashuv chog‘ida iste’molchilar bilan hamkorlik borasida bajarilgan ishlar, kelgusida bu yo‘nalishda hal qilinishi kerak bo‘lgan dolzarb vazifalar va rejalar muhokama qilindi.

Uyma-uy yurish asnosida aholi muammolarini samarali o‘rganish, ularni tizimli yechish mexanizmlarini hayotga tatbiq etish, davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirish haqida atroflicha fikr almashildi.

Xonadonlariga kirilib, nuroniy otaxonlar va munis onaxonlarning islohotlar jarayonlari haqidagi dildan aytilgan fikr-mulohaza va takliflariga quloq solindi, oddiy insonlarni o‘ylantirayotgan muhim masalalar va muammolar o‘rganildi, kamchiliklar yechimi bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan Farg‘ona viloyati va tuman jamiyatlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

J.Sarimsoqov jamiyat xodimlari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlashda talabchanlik va qat’iylikni har qachongidan oshirish, uyma-uy yurish asosida xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, yuzma-yuz muloqot tizimiga o‘tish, hech bir arizani e’tibordan chetda qoldirmaslik, sohaga oid qonun va hukumat qarorlarini ijro etishda jamoatchilik nazoratini og‘ishmasdan amalga oshirish, aholini ish bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shish masalasiga jiddiy urg‘u berdi.

Xususan, “Ravon” mahallasida istiqomat qiluvchi, kam ta’minlangan va nogironligi bor, moddiy yordamga muhtoj, yakka-yolg‘iz Malika Mo‘minova xonadoniga kirildi hamda unga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.

Ijtimoiy soha obyektlari, jumladan 26-umumta’lim maktabida bo‘lib, maktab kutubxonasiga 5 million so‘mlik yuzdan ortiq kitoblar, jumladan, darslik va qo‘llanmalar, badiiy va bolalar adabiyotlari, ilmiy-ommabop asarlar taqdim etildi.

O‘zA
1 682