O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

5-iyun kuni aholi orasida 17 nafar fuqaroda, jumladan, qashqadaryo viloyatida ham koronavirus qayd etildi

5-iyun kuni aholi orasida 17 nafar fuqaroda, jumladan, qashqadaryo viloyatida ham koronavirus qayd etildi

Avval xabar qilganimizdek, 4-iyun kuni davomida koronavirus aniqlangan 96 nafar bemordan 13 nafari aholi orasida aniqlangan. 5-iyun kuni esa, umumiy kasallanish koʻsatkichi kamayib, 68 nafarni tashkil etgan boʻlsa-da, ulardan 17 nafari aholi orasidan aniqlangan.

Shundan 9 nafari Toshkent shahridan, 4 nafari Qashqadaryo viloyatidan, 2 nafari Toshkent viloyatidan, Namangan va Buxoro viloyatlaridan 1 nafardan.

Jumladan, Toshkent shahridagi Olmazor tumanida nafaqadagi fuqaroda, Uchtepa tumanidagi “Oʻrikzor” savdo majmuasida yana bir doʻkon sotuvchisi va uning 5 nafar oila aʼzosi (onasi, ikki nafar qizi, oʻgʻli va jiyani)da koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

Aynan “Oʻrikzor” savdo majmuasida oʻtgan may oyi davomida yuk tashuvchi boʻlib ishlagan, soʻngra doimiy yashash manzili Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumaniga qaytgan fuqaro va uning 3 nafar oila aʼzosi (2 nafar akasi va qizi)da ham ushbu kasallik aniqlandi.

Toshkent viloyati infeksiya aniqlangan fuqarolarning 1 nafari Oqqoʻrgʻon tumanidan boʻlib, harorati koʻtarilgan va namuna topshirgan. Yana bir holat esa Qibray tumanida yashovchi fuqaroda qayd etilgan. U Yunusobod bozorida ziravorlar savdosi bilan shugʻullanib kelgan.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Ichki ishlar hamda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yoʻl qurilish idorasi xodimi (tana harorati koʻtarilgan va shifokor maslahati asosida tahlil topshirgan)da ham koronavirus tasdiqlangan.

Bugun ayni paytgacha Toshkent shahrida aholi orasida yana 3 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan boʻlib, jumladan, Shayxontohur tumanidagi “Media Park” savdo majmuasining yana 2 nafar xodimida ham koronavirus qayd etilgan. Yuqoridagi barcha holatlar boʻyicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Tahlillardan oydinlashadiki, nafaqat “qizil” va “sariq” hududlar, balki “yashil” hududlarda ham koronavirus yuqtirib olish xavfi mavjud.

Shu bois, Sogʻliqni saqlash vazirligi aholidan karantin va sanitariya qoidalariga soʻzsiz rioya etishni, kasallik alomati sezilgan zahoti shifokorga murojaat etishni hamda koʻchada, ishxonada, safarda va umuman qayerda boʻlishingizdan qatʼiy nazar, bir lahza boʻlsa-da, xushyorlikni yoʻqotmaslikni takror-takror soʻrab qoladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

2 259
O'zA