O‘zA O`zbek

08.08.2018 18:57 Chop etish versiyasi

419 nafar noqonuniy harakat qilgan abituriyent imtihondan chetlashtirildi

419 nafar noqonuniy harakat qilgan abituriyent imtihondan chetlashtirildi Adolat qaror topayotgani bois ko‘pgina yoshlarning hayotga qarashlari o‘zgarmoqda.

Test – 2018 tadbirlari Qashqadaryo viloyatida ham xolis hamda haqqoniy o‘tmoqda. Eslatib o‘tamiz bu yil ilk bor biopasport qurilmalarining joriy etilgani jarayonning shaffofligini ta’minlamoqda. Keng va yorug‘ manejlarda bir navbatda 1 ming 800 nafar abituriyent test sinovlaridan o‘tkazilmoqda va jarayon bevosita 60 ga yaqin kameralar kuzatuvida olib borilmoqda.

– Qashqadaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalariga 1 avgustdan test sinovlari boshlandi, – deydi Davlat test markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i Behzod Jo‘rayev. – 1-4 avgust kunlari Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutiga hujjat topshirgan abituriyentlarimiz test sinovlaridan to‘liq o‘tkazildi. Ushbu jarayonda 1 ming 600 dan ziyod abituriyentlarimizga talabalikka tavsiya qilish natijalari e’lon qilindi. Albatta, test sinovlari bo‘lib o‘tgan kunning ertasigayoq abituriyentlarimiz o‘zlarining natijalarini bilib bormoqdalar. 5 avgustdan e’tiboran TATU Qarshi filiali va Qarshi davlat universitetiga hujjat topshirgan abituriyentlarga test sinovlari boshlandi. Ular uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 1-6 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan test sinovlarida 26 ming 223 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan edi. Ammo kuchli nazorat o‘rnatilgani bois noqonuniy harakat qilgan 419 nafar yosh imtihondan chetlashtirildi. Adolat qaror topayotgani bois ko‘pgina yoshlarning hayotga qarashlari o‘zgarmoqda. Ancha yillardan buyon imtihon jarayonlaridagi noxolisliklar tufayli talaba bo‘lish baxtiga erisholmay yurgan bilimdon yoshlar joriy yilda hech qanday qiyinchiliklarsiz o‘qishga qabul qilinmoqda.

– Mana bu yil ikkinchi bor o‘qishga hujjat topshirishim, – deydi Bahrom Omonov. – O‘tgan yildagidan kamroq natija ko‘rsatgan bo‘lsamda, talabalik baxtiga erishdim. Test sinovlari jarayonida shaffoflik, adolat mezonlari yuqori darajada ta’minlangan. Kelajakda tanlagan yo‘nalishim neft-gaz sohasi bo‘yicha yetuk kadr bo‘lib yetishishni maqsad qilganman.

Darhaqiqat, bu kabi yaratilgan shart-sharoitlar yosh avlodning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshishiga xizmat qiladi.

Test – 2018 tadbirlari davom etmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA
2 075