Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.06.2018 12:37 Chop etish versiyasi

40 yoshida pasport beriladigan bo‘ldi

40 yoshida pasport beriladigan bo‘ldi
Andijon viloyati Baliqchi tumani 78-uyda istiqomat qiluvchi Umidjon Hamroqulov 1978-yil 11-noyabrda tug‘ilgan.

– Biz asli norinlikmiz. Bu yerga 1973-yilda ish yuzasidan kelganmiz va qolib ketdik. Kenja bolam sog‘lom tug‘ilgan edi, – deydi uning onasi Latofat Amiraliyeva (qahramonimiz istagiga ko‘ra ism-familiyasi o‘zgartirildi). – Undan oldin 3 ta o‘g‘il va bir qizim bor edi. Kenjatoy juda o‘yinqaroq va iste’dodli edi. O‘zim va turmush o‘rtog‘im aptekada provizor bo‘lib ishlar edik. Bir qo‘shni enagaga uni tarbiyalash uchun berardim. Yong‘oqdagi arg‘amchiga bolamni uchira turib yiqitib yuborgan ekan. Buni bizga o‘shanda aytmagan. Bolaning isig‘i 11 kun 41 darajadan tushmadi. Kasalxonada yotdik. Keyin yaxshi bo‘lib ketdi. Kutilmaganda 1 yildan so‘ng eshik og‘zida ko‘zlari muallaq qotib qoldi. Ha, bolam desam, uyqum kelayapti dedi. Ikki kundan keyin yana shunday noodatiy holat kuzatildi. Keyin Andijon shahriga, Toshkentdagi 16-kasalxonasi katta duxturlarga olib bordim. Boshini qurilma bilan tekshirishdi.

– Qanday kasallik bolani bezovta qilayotgan ekan?

– Miyasi bilan qattiq yiqilgan deyishdi. Orqa miya suyagi sinib, ichkariga qarab o‘sa boshlagan ekan. Qon aylanish tizimi buzilibdi. Psixodispanserga olib borib, mikropsixiatrga ko‘rsatdim. Gaplariga solib ko‘rdi. Vaqt o‘tibdi dedi. Onalik tuyg‘ularim bilan ruhim chinqirar edi. Qo‘limga dori yozib berdi. Qat’iy rejim asosida shuni olib borsangiz yashaydi deyishdi. Shu onda yeru ko‘k qorong‘u bo‘lib ketdi. Xonumonimni sotdim, biroq o‘zgarish bo‘lmadi. Dorisini bir kun ham qoldirmasdan berib keldim. 9 yoshidan oyoq va qo‘llari qotib-qisila boshladi. 18 yoshlarda og‘riq va dard bu juda kuchayib ketdi.

– Bu yil qirqqa kirdi. Dispanserga bermadingizmi?

– Orada ko‘nglim hech bo‘lmay bergandim. Ertalab holidan xabar olishga borsam, u yerdagi qarovchilar rosa urgan ekan. Lablari yorilib ketibdi. Orqasini ochib ko‘rsam momataloq bo‘lib ketibdi. Rahbariga aytib, urganlarni ishdan haydatib, bir kun ham bu yerda qoldirmasdan olib ketdim. Qancha qiyin bo‘lsa ham o‘zim qarayman, deb qaror qildim.

Bir oyda dori-darmoniga 300-400 ming so‘m ketayapti. Ikkinchi guruh nogironi. 312 ming so‘m nafaqa oladi. O‘zim shu farzandim uchun 70 yoshgacha ishladim. Pensiyam 895 ming so‘m. Hamma bolalarimni uyli-joyli qildim. Eng katta o‘g‘lim va kelinim, uchta farzandi bilan yashaydi. Xo‘jayinim 2011 yilda olamdan o‘tib ketdilar. Bolani sira yonidan qo‘ymay olib yurar edilar. Katta o‘g‘lim Rossiyada ishlaydi. Ro‘zg‘orni o‘sha boqadi. Qizim oliy ma’lumotli shifokor. Bizdan har kuni xabar olib turadi. Hayotdan xulosam shuki, bolalarni o‘qitish kerak. Bolalarni ishonchli qo‘llarga va bog‘chalarga berish kerak. Men Andijondagi o‘zi tuqqan bolasini o‘ldirayotgan hayvonga la’nat deyman. Uni ayol demayman. Bir tovuq ham jo‘ja ochsa, oldiga hech bir jonzotni yaqinlashtirmaydi. O‘z bolasini yetimxonalarga tashlab ketayotganlarning insoniylik sifati yo‘q.

Prezidentimiz imkoniyati bilan shu yil mart oyida Umra ziyoratini amalga oshirib qaytdim. Makkayu Madinadagi odamlarning e’tiqodini, bir-biriga hurmatini ko‘rib, butunlay boshqa olamga tushib qoldim. Insonlarni yaxshilikka undaydi. Diniy erkinliklar ma’naviy muhitni ham sog‘lom bo‘lishiga xizmat qiladi. Olloh xalqimizning risqini ulug‘ qilmoqda. Harakat qilsa, hech kim och qolgani yo‘q. Axir mitti chumoli ham g‘imirlab, kunini ko‘rmoqda.

Bu yurtda sal omilkorlik bilan ishlasa jannat-ku. 74 yoshimda men ishlab charchamayman. Uyda 22 ta tovug‘im bor. Qishi bilan so‘yib yedik. Tuxum arimaydi. Uchta sigirim ham bor. Har kuni un litr sut beradi. Ro‘zg‘ordan ortganini sotaman. 6 ta nevaram bor. Toshkentdan qo‘y so‘yib chaqirsam ham kelmas edingizlar. Ammo mana siyosat talabi, uyma-uy, xonadonma xonadon yurib, muammolarni eng yuqori darajada hal qilayapsizlar. Shu paytga qadar bizning eshigimizga biror rasmiy nima muammong bor deb taqqillatib kelmagan. Bolam qirqqa kirsa ham pasporti yo‘q edi. 
Ishchi guruhi ko‘rsatmasi bilan bir kun ichida Baliqchi tuman ichki ishlar bo‘limi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi kelib, biometrik pasport olish uchun mobil apparatiga fuqaroni suratga tushirishdi. Davlat boji homiylar yordamida to‘lanadigan bo‘ldi.

Laziz Rahmatov,
jurnalist

3 297