O‘zA O`zbek

09.08.2019 17:30 Chop etish versiyasi

4 mingdan ortiq bolalar DXMdan yoʻllanma olish orqali maktabga joylashtirildi

4 mingdan ortiq bolalar DXMdan yoʻllanma olish orqali maktabga joylashtirildi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Adliya vazirligining “Qonunchilikdagi yangiliklar” nomli brifing va matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati xususida maʼlumot berildi. 

Mazkur qarorga muvofiq, maktablarga qoʻshimcha kvota boʻyicha qabul imkoniyatidan kelib chiqib, tegishli mikrohudud boʻyicha asosiy kvotaga tushmagan bolalar uchun amalga oshirilishi belgilandi. Bu haqida Toshkent shahar XTBB boʻlim boshligʻi Bahrom Bakiyev jurnalistlarga maʼlumot berdi.

Uning taʼkidlashicha, ilgari qoʻshimcha kvota – maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1-sentyabriga qadar 6 yoshga toʻladigan), shuningdek, maktablarda taʼlim berish tili boʻyicha boshlangʻich bilim (muloqot qilish) koʻnikmasiga ega boʻlmagan bolalar uchun ajratilar edi. Endilikda, bolalarni maktablarga qoʻshimcha kvota asosida qabul qilish maktab direktorlari tomonidan amalga oshiriladi. Ilgari bu jarayon Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilar edi. Bolalarni maktablarga qoʻshimcha kvota boʻyicha qabul qilish 10-avgustdan 31-avgustga qadar amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, maktablarga bolalarni qoʻshimcha kvota boʻyicha qabul qilishda undiriladigan toʻlov bekor qilindi. 

Ilgari qoʻshimcha kvota boʻyicha maktablarga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan eng kam oylik ish haqining oʻn baravaridan kam boʻlmagan miqdorda yigʻim undirilishi nazarda tutilgan edi. Shuningdek, brifingda hafta davomida qabul qilingan oʻnga yaqin normativ huquqiy hujjatlar boʻyicha ham maʼlumot berildi. Bu oʻzgartirishlarning barchasi aholi fikrlari, takliflari, eʼtirozlarini hisobga olgan holda kiritilganligi aytib oʻtildi.

“Oʻtgan qisqa davr mobaynida toʻrt mingdan ortiq aholi farzandlari hech qanday qarshilik, korrupsion holatlarsiz birgina yoʻllanmani olish orqali maktabga joylashtirildi. Aholi eʼtirozlari inobatga olinib loyiha oʻzgartirildi, maktab oʻz ehtiyojidan kelib chiqib bolani qoʻshimcha kvotaga qabul qilishi mumkin. Asosiy kvota boʻyicha qabul jarayoni davom etmoqda, ota-onalar belgilangan muddat tugaguncha maktabga qabul qilish yuzasidan murojaat qilishi mumkin”, – dedi Davlat xizmatlari markazi masʼul xodimi Aziz Rahmatov.

Qoʻshimcha maʼlumot sifatida aytilishcha belgilangan asosiy kvotadagi bolalarning 50 foizi hujjatlari DXM orqali qabul qilingan. Jarayon maktab direktorlari yoki boshqa shaxslarni aralashuvisiz oʻtgan. Asosiy kvotaga qabul qilish uchun yoʻllanmalar bepul berilgan, aholi tomonidan hech qanday pul toʻlanmagan.

Inobat AHATOVA, OʻzA
4 590