O‘zA O`zbek

12.07.2019 19:01 Chop etish versiyasi

4 milliard 650 million soʻm mablagʻ evaziga yang bogʻcha qurildi

4 milliard 650 million soʻm mablagʻ evaziga yang bogʻcha qurildi

Namangan viloyati Namangan tumanidagi Tepa Qiyot mahallasida “Laziztoy” deb nomlangan yangi nodavlat taʼlim muassasasi oʻz faoliyatini boshladi.

Vatanimiz kelajagi bugun yosh avlodga qay darajada taʼlim-tarbiya berilishiga bogʻliq. Yaqin yillar ichida mamlakatimizda uch yoshdan boshlab oʻgʻil-qizlar yuz foiz maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olinishini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar zamirida buyuk kelajagimiz yoʻlidagi ezgu maqsadlar mujassam. Taʼlim-tarbiya tizimida xususiy va davlat-xususiy sheriklik shaklidagi muassasalar tizimi shakllanayotgani va ular har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani barkamol avlod tarbiyasida muhim amaliy qadamlardan biri boʻlmoqda.

Mazkur nodavlat taʼlim muassasasining foydalanishga topshirilishi tumanda “Obod markaz” dasturi asosida amalga oshirilgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlariga tadbirkor-taʼsischi Toʻlqinjon Nazarov tomonidan qoʻshilgan munosib hissa boʻldi.

Umumiy qiymati 4 milliard 650 million soʻm boʻlgan ushbu loyihani amalga oshirishda tadbirkor oʻzining 1 milliard 450 million soʻm sarmoyasi va bankning 3 milliard 200 million soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻidan oqilona foydalandi.

Ikki qavatli koʻrkam binoda 140 nafar oʻgʻil-qizga jahon andozalari darajasida taʼlim-tarbiya berish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Usti yopiq suzish havzasi, sport zali, mini-stadion, turli oʻyin maydonchalari kichkintoylarning jismonan chiniqib ulgʻayishiga xizmat qiladi. Yotoqxonalar, mashgʻulot xonalarida kichkintoylarning intellektual salohiyatini oʻstirish, sogʻlom va madaniy turmush tarzi tamoyillari asosida tarbiyalashning barcha zarur talablari eʼtiborga olingan.

– Muassasamizga oʻgʻil-qizlar ikki yoshdan boshlab qabul qilinadi, – deydi T.Nazarov. – Bu yerda ularga rus va ingliz tillari, badiiy gimnastika, erkin kurash kabi bir qator fan, sanʼat, sport yoʻnalishlarida taʼlim-tarbiya beriladi. 21 nafar pedagog-tarbiyachi ish bilan taʼminlandi.

– Bugungi kunda tumanimizdagi 32 ta maktabgacha taʼlim muassasasi va 5 ta nodavlat, davlat-xususiy sheriklik asosidagi taʼlim-tarbiya dargohida 5 mingdan ziyod oʻgʻil-qiz qamrab olingan va bu 36 foizni tashkil etadi, – deydi tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri Nafisa Qobulova. – Yil yakunigacha yana 4 ta davlat-xususiy sheriklik hamda 8 ta oilaviy maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil qilish va qamrov koʻrsatkichini 51 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

A.SATTOROV, H.MAMADALIYEV (surat), OʻzA
809