O‘zA O`zbek

28.08.2018 19:45 Chop etish versiyasi

32 yosh oila bayramni yangi uyda nishonlaydi

32 yosh oila bayramni yangi uyda nishonlaydi Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida Jizzax shahrida 32 xonadonga moʻljallangan 4 qavatli Yoshlar uyi foydalanishga topshirildi.

Jizzax shahrining Ittifoq mahallasida barpo etilgan uyning qurilishiga 4 milliard 700 million soʻm mablagʻ sarflangan.

Hokimlik va keng jamoatchilik vakillari, yoshlarning ota-onalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi taʻkidlandi.

Yoshlar uyi mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, faoliyati davomida tengdoshlariga oʻrnak boʻlgan, oʻz sohasida yuksak natijalarga erishgan, uy-joyga ehtiyoji boʻlgan yoshlarga berildi.

– Uy-joyli boʻlish inson hayotidagi eng muhim va unutilmas voqealardan biri, – deydi Elyor Norpoʻlatov. – Men bugun oilam bilan ana shu baxtga erishdim. Davlatimizning bu gʻamxoʻrligi meni vatanimiz ravnaqi uchun astoydil mehnat qilishga, yanada faol boʻlishga undaydi.

Viloyatda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturiga asosan yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoya va loyihalarini roʻyobga chiqarishga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan 714 nafar yoshning manzilli roʻyxati shakllantirilib, ularning 32 milliard 402 million soʻmlik biznes loyihalari respublika jamgʻarmasiga taqdim etilgan.

Bu ishda chekka hududlardagi yoshlar bandligini taʻminlashga alohida eʻtibor qaratilayotir. Zomin, Zarbdor va Yangiobod tumanlarida 9 nafar yoshga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun boʻsh turgan binolar ajratib berildi.

Arnasoy, Doʻstlik, Sharof Rashidov, Zarbdor, Paxtakor, Forish hamda Yangiobod tumanlarida “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari tashkil etilmoqda. Doʻstlik, Paxtakor hamda Forish tumanlarida “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari uchun binolar ajratilib, markazlar oʻz faoliyatini boshlash arafasida turibdi. Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Zafarobod, Paxtakor, Mirzachoʻl va Yangiobod tumanlarida “Yoshlar mehnat guzari” majmualari qurilishi davom etayotir.

Bu kabi gʻamxoʻrliklar tizimida yosh oilalarning yangi uy-joylar bilan taʻminlanishi ularning orzu maqsadlarini amalga oshirishga imkoniyatlar yaratib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda, kuch-gʻayrati, bilimi va shijoatini el-yurt farovonligi yoʻlida sarflashga undamoqda.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) OʻzA
1 601