Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

27.08.2018 19:21 Chop etish versiyasi

32 mingdan ziyod aholi uchun yangi tibbiyot maskani

32 mingdan ziyod aholi uchun yangi tibbiyot maskani

Eng ulugʻ, eng aziz ayyom – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida Namangan shahrida bunyod etilgan 14-oilaviy poliklinika foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, tibbiyot faxriylari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tibbiyot sohasida 50 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan mehnat faxriysi, birinchi darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi D.Ahmedova va boshqalar yangi foydalanishga topshirilgan shifo maskani har qanday kishi uchun havas qilsa arzigudek qurilgani, bunday sharoitlarni muhayyo etgani uchun Prezidentimizga, mahalliy hokimliklarga minnatdorlik bildirdi.

Ikki qavatli zamonaviy shifo maskanida “Namangan davr qurilish” masʻuliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan 4 milliard 814 million soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.

250 qatnovga moʻljallangan mazkur tibbiyot muassasasi shahardagi Gʻishtkoʻprik, Chorsu, Madaniy, Sumalak guzari va Madaniy-maorif mahallarida istiqomat qiluvchi 32 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Bu yerda 21 nafar shifokor va 56 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari faoliyat olib boradi.

Yangi oilaviy poliklinika xonalari keng va shinam. Tibbiy talablardan kelib chiqib ishlangan mebellar bilan taʻminlangan. Eng soʻngi rusumdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilingan. “Elektron poliklinika” avtomatlashtirilgan tizimga ulangan. Tibbiy xizmat va muolajalar zamonaviy apparatlar vositasida bajariladi.

Poliklinikaga tez kunlarda “Salomatlik-3” loyihasi doirasida 152 ming dollarlik yangi asbob-uskunalar olib kelinishi kutilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev
2 053