O‘zA O`zbek

13.09.2018 12:48 Chop etish versiyasi

30 yillik orzuim ushaldi

30 yillik orzuim ushaldi

Bu Margʻilon shahrida boshlangan “Atlas bayrami” anʼanaviy toʻqimachilik festivali ishtirokchisi moʻgʻulistonlik dizayner Sen Batsaxanning soʻzlari. 

2.JPG

– Avvalambor, men tashkilotchilarga mana shunday ajoyib bayramni tashkil qilgani uchun minnatdorlik bildiraman, – deydi S.Batsaxan. – Mazkur toʻqimachilik festivali biz, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda. Qoʻli gul margʻilonlik usta hunarmandlarning sanʼat asarlariga har qancha taʼrif oz. Men oʻzim talabalik yillarimdan Oʻzbekistonga, xususan. Margʻilonga kelishni va bu yerdagi hunarmandlar hayoti bilan yaqindan tanishishni orzu qilar edim. Mana oradan 30 yil oʻtib orzuim “Atlas bayrami” bahonasida ushalganidan xursandman. Tadbir doirasida oʻtkazilayotgan mahorat darslarida men barcha qiziquvchilarga kigizchilikdan saboq bermoqdaman.

3.JPG

Mamlakatimizda asosan Qashqadaryo va Surxondaryolik hunarmandlar kigizchilik bilan shugʻullanadi. Ular tomonidan kigizchilikning yoʻqolib borayotgan nusxalarini tiklashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur mahorat darslarida kiygiz tayyorlashning har bir jarayoni hunarmandlarga tushuntirilmoqda.

4.JPG

– Bugun tabiiy jun va paxtadan toʻqilgan gilam va kigizlarimizga chet elliklarda ham qiziqish uygʻonmoqda, – deydi qashqadaryolik yosh hunarmand Jasurbek Doʻsyorov. – Azaldan bizda gilamning arabi, gʻajari, terma, yettiipli, satranj, charxpalak, qoqma, baxmali, bugʻjama, burama, sil-sila, archa gulli, mapraj, julxurs, qiz gilamlari kabi turlari, poyandoz, joynamoz, yaktak nimcha kabilarni tikishni oʻrgatishgan. Xususan, jundan tayyorlanadigan kiygiz har tomonlama foydali. Kigizga gul bostirish maroqli va tez bitadigan ish. Uni tayyorlash jarayoni qiziqarli. Gul kiygiz boshqa gilamlar singari koʻp vaqt toʻqilmaydi, avval jun titiladi, soʻng esa tabiiy ranglarga boʻyaladi. Boʻyoqlar anor poʻchogʻi, oʻrik tomiri, yongʻoq, piyoz poʻstloqlari singari turli oʻsimlik, daraxt va oʻt-oʻlanlardan olinadi. Shu jarayonda yangi ranglar kashf etiladi. Turli ranglarga boʻyalgan jun kalavalar qoʻlda yengilgina eshilib, ular yordamida shunday chiroyli naqshlar yasaladiki, koʻrib hayratlanasiz. Afsuski, bugungi kunda kigizchilik bilan yurtimizda kam kishi shugʻullanmoqda. Mana bunday tadbirlar esa, bu hunar turini yanada qayta kashf etilishiga xizmat qiladi.

5.JPG

Margʻilon shahrida boshlangan “Atlas bayrami” anʼanaviy toʻqimachilik festivali doirasida oʻtkazilayotgan mahorat mashgʻulotlari, treninglar barchada katta qiziqish uygʻotmoqda.

Mazkur amaliy treninglarda yurtimizning turli hududlaridan kelgan yuzga yaqin hunarmandlar va tadbirkorlar ishtirok etmoqda. Xorijdan kelgan mashhur dizaynerlarning saboqlarida esa yosh hunarmandlarimiz faolligi va iqtidorini namoyon qilmoqda. Mashgʻulotlarda ishtirokchilar anʼanaviy kashtachilik, kigizchilik, milliy hamda zamonaviy dizayn boʻyicha atroflicha bilim va maʼlumotlarga ega boʻlmoqda.

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA
1 516