O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:22 Chop etish versiyasi

282 milliard soʻm mablagʻ qayerga sarflanadi?

Surxondaryo viloyatida belgilangan prognoz koʻrsatkichlari ortigʻi bilan bajarilgani hisobiga 282 milliard soʻm mablagʻ mahalliy byudjet ixtiyorida qoldirildi. Yilning oʻn bir oyida byudjet tushumlari 1 trillion 215 milliard 600 million soʻmga bajarilgan.

Prezidentimizning 2018-yil 2-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan soliq va bojxona islohotlarini huquqiy jihatdan kuzatish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Mazkur hujjatga muvofiq, viloyatda soliq va bojxona islohotlari samaradorligini taʼminlash boʻyicha soliqqa tortishning yangi tizimi, qulay mexanizmi belgilandi. Viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, davlat soliq va moliya boshqarmalarining “Soliq islohotlarini amalga oshirish va byudjetga qoʻshimcha daromadlar zaxiralarini aniqlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori qabul qilindi. Viloyat ekspert ishchi guruhi tuzildi. Tuman, shahar ishchi guruhlari tarkibi tasdiqlanib, joylardagi kichik ishchi guruhlar namunaviy tarkibi shakllantirildi. Nizomlari tasdiqlandi.

Biroq, yangi tuzilma uch oydan buyon faoliyat yuritayotgan boʻlsa-da, ayrim hududlarda talab darajasida ish olib bormayotir. Viloyatda soliq va toʻlovlarni oʻz muddatida byudjetga undirib olish borasida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Imkoniyatlardan unumli foydalanilmagan.

Byudjetga qoʻshimcha daromadlarni jalb etish boʻyicha Bosh prokuratura, Hisob palatasi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi mutaxassislari viloyatda boʻlib, ishchi guruhlar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishini oʻrgandi, amaliy yordam koʻrsatdi. Bu jarayonda yangi yilgacha yana 169 milliard soʻm qoʻshimcha daromad tushirish imkoniyati mavjudligi aniqlangan. Joylarda oʻtkazilgan xronometrajlarda 186 savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi kassa apparati va terminal bilan taʼminlanmagani, ayrim savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida soliqqa tortishdan yashirish maqsadida tushumlar kamaytirib koʻrsatilayotgani ayon boʻlgan. 1 ming 245 transport vositasi texnik koʻrikdan oʻtkazilmagani, 216 transport vositasi soliq toʻlovini amalga oshirmay litsenziyasiz xizmat koʻrsatayotgani aniqlangan. Vaholanki, yangi tartibga koʻra, byudjet parametrlarining ortigʻi bilan bajarilgan qismi toʻliq mahalliy byudjetga qoldirilmoqda. Sodda qilib aytganda, bu mablagʻ hududni rivojlantirish loyihalarini samarali amalga oshirish uchun ishonchli manbadir.

Surxondaryo viloyatida soliq islohotlarini amalga oshirish va byudjetga qoʻshimcha daromadlarni koʻpaytirish, ularning manbalarini aniqlash, safarbar qilish borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilingan xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida Hisob palatasi raisi birinchi oʻrinbosari O.Rustamov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari A.Mavlonov ishtirok etdi.

Yil yakunigacha byudjet parametrlarini ortigʻi bilan bajarish evaziga mahalliy byudjetga koʻproq qoʻshimcha daromad jalb etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Shuningdek, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Sh.Rahimov va viloyat moliya boshqarmasi boshligʻi B.Xudoyberganovning hisoboti tinglandi, tegishli qaror qabul qilindi.

Sessiyada Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Poʻlatov soʻzga chiqdi.



Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA
1 207