O‘zA | O‘zbekiston Milliy axborot agentligi
Ўзб  O‘zb  Рус   Eng  Fra  Deu  Esp  العربية  中文

20.04.14
Jamiyat

Xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining namoyishi

O‘zA, Olim To‘raqulov, A’lo Abdullayev (surat), 27.12.2012 18:10

27-dekabr kuni poytaxtimizning Alisher Navoiy ko‘chasida barpo etilgan ko‘pqavatli zamonaviy uylarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, adabiyot va san’at namoyondalari, poytaxtimiz mahallalari faollari, yoshlar ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov, “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahar bo‘limi raisi Muhammadjon Zufarov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, dzyudochi Rishod Sobirov va boshqalar mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida olib borilayotgan keng ko‘lamdagi qurilish va bunyodkorlik ishlari samarasida mamlakatimizning barcha hududlari, xususan, Toshkent shahri beqiyos darajada o‘zgarib, yangilanib borayotganini ta’kidladilar. Eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalar, muhtasham inshootlar, turar-joylar, yangi ta’lim va shifo maskanlari, keng ko‘cha va prospektlar, ko‘priklar, so‘lim bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Milliy me’morlik an’analari va zamonaviy shaharsozlikning eng yuksak talablari asosida qurilgan Mustaqillik maydoni, “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi, Simpoziumlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonani o‘z ichiga olgan Ma’rifat markazi, Hazrati Imom majmuasi, Amir Temur xiyoboni, “Bunyodkor” sport majmuasi singari ko‘plab ob’ektlar mazkur yo‘nalishdagi ishlarning yorqin namoyonidir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda, jumladan, poytaxtimizda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari jarayonida inson manfaatlarini ta’minlashga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Ya’ni, aholining yashashi, mehnat qilishi, dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, shaharda transport infratuzilmasini yaxshilash, aholi va transport vositalarining harakatlanishi uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar, 6 va 8 polosali magistral yo‘llar qurildi. Ilgari shaharning aksariyat mavze va maydonlari beton va asfaltdan iborat bo‘lib, yozning jazirama kunlarida nafas olish qiyinlashardi. Keyingi yillarda ko‘chalar, maydon va xiyobonlarda yashil hududlarni kengaytirish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Kashtan, qarag‘ay, archa, eman, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar hamda turli butalar va turfa gullar ekilishi natijasida poytaxtimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi. Bu ishlarning samarasi sifatida Toshkent dunyodagi ekologik jihatdan toza va ko‘rkam qiyofaga ega yetakchi poytaxt shaharlar qatoridan joy oldi.

2012-yilda Buyuk Britaniyaning nufuzli “Ekonomist” jurnali bo‘linmasi – Economist Intelligence Unit (EIU) kompaniyasi e’lon qilgan reytingda Toshkent dunyoning yashash qulay bo‘lgan shaharlari orasida qayd etilgani buning dalilidir. Mazkur reyting barqarorlik, sog‘liqni saqlash xizmatlari va madaniyat muassasalarining rivojlanganligi, atrof-muhit sifati, ta’lim darajasi va infratuzilmasi, yashil ekinzorlar maydoni, havoning sifati, tabiiy dam olish maskanlariga yaqinligi, dunyo miqyosidagi madaniy meros ob’ektlari, hududiy va xalqaro transport aloqalarining mavjudligi kabi mezon va ko‘rsatkichlar asosida tuzilgan. Ana shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha yashash uchun qulay bo‘lgan dunyoning 140 shahari o‘rtasida tanlov o‘tkazilgan. Toshkent mazkur shaharlar orasida 58-o‘rindan joy olib, Vashington, Amsterdam, Sidney, Berlin, Parij kabi yirik shaharlar qatoridan munosib o‘rin egalladi.

Darhaqiqat, istiqlol yillarida Toshkent shahri megapolisga aylandi. Poytaxtimizning me’moriy qiyofasi o‘zining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, uzoqni o‘ylab tuzilgan reja asosida izchil rivojlanmoqda. Imoratlar bir-birini takrorlamaydigan loyihalar asosida barpo etilmoqda, ayni paytda ularning har biri atrofdagi binolar bilan uyg‘unlik hosil qilmoqda. Sir emaski, har qanday shaharda ko‘chalar uning yaxlit umumiy manzarasini belgilaydi. Shu nuqtai nazardan Toshkentning markaziy ko‘chalarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari alohida e’tiborga molik. Alisher Navoiy ko‘chasida poytaxtimiz me’moriy qiyofasini yangilash va obodonlashtirish, aholining turar-joy sharoitini tubdan yaxshilash dasturi doirasida ulkan hajmdagi ishlar bajarildi. Bu yerda ijtimoiy-madaniy hamda savdo va maishiy ob’ektlarni o‘z ichiga olgan, 320 xonadonga mo‘ljallangan sakkizta ko‘pqavatli yangi uy barpo etildi.

2012-yil – Mustahkam oila yili so‘ngida va 2013-yil – Obod turmush yili arafasida – 27-dekabr kuni yangi xonadonlar egalari o‘z uylariga ko‘chib o‘tdilar. Xalqimizning go‘zal udumiga ko‘ra uy egalarining quvonchiga el-yurtimiz sherik bo‘ldi, uy to‘ylari katta shodiyonaga aylandi.

Prezidentimiz Islom Karimov g‘oyasi va tashabbusi bilan yaratilgan ushbu majmua loyihasi “Toshkent boshplanLITI” davlat unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majmua har biri 7 qavatli 8 uydan iborat bo‘lib, uylarning birinchi va ikkinchi qavatlarida ijtimoiy-maishiy, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashgan.

Uylar avtomobil magistralidan 24,5 metr ichkarida qurilgani xonadonlarni ko‘chadagi avtomobillar shovqinidan himoya qilish imkonini beradi. Alisher Navoiy ko‘chasi va uylar o‘rtasida kashtan ko‘chatlari o‘tqazilgan xiyobon tashkil etildi. Bu, tabiiyki, majmuadagi savdo va maishiy komplekslarga kelganlar uchun ham qator qulayliklar yaratadi. Binolar fasad qismining dastlabki ikki qavati qizil granit, keyingi besh qavati oq kristallit oyna bilan qoplangan.

Har bir uy ikki blok-seksiyadan iborat bo‘lib, bitta blok-seksiyada 20 xonadon, bitta uyda esa uch, to‘rt va besh xonali 40 xonadon joylashgan. Xonadonlar keng, shiftlari baland, yorug‘ va shinam, bemalol yashash uchun har jihatdan qulay. Mehmonxona, yotoqxona, bolalar xonasi, oshxona, yuvinish xonasi xalqimizning turmush tarziga mos hajmda va tartibda loyihalashtirilgan. Uy tarhi xonalarni ikki tomonlama shabadalatish imkonini beradi. Havo harorati va namligini bir maromda saqlash tizimi shift orasidan o‘tkazilgan va shu bilan mazkur tizim ortiqcha joy egallashining oldi olingan. Sanuzel xonalari pod’ezd tomondagi devorga tutashtirib qurilgani xonalarni pod’ezddagi shovqindan himoya qiladi. Bundan tashqari xonadonlar “Domofon” tizimi bilan ta’minlangan, devor va pollarni pardozlash ishlarida zamonaviy materiallardan foydalanilgan.

Pod’ezdlarni pardozlash ishlari ham yuksak darajada bajarilgan. Zinalarga jilov berishda zamonaviy keramik plitalar va silliqlangan granit plitalar ishlatilgan. Har bir uyda 1000 kilogramm yuk ko‘tarish quvvatiga ega zamonaviy, ikki tomonlama eshikli liftlar o‘rnatilgan. Liftlar kabinasi keng va shinam.

Uylarning hovli tomonidagi kashtan, qarag‘ay, eman kabi daraxtlar ekilgan, kengligi 32 metrni tashkil qiluvchi ko‘kalamzorlashtirilgan hudud ko‘zga quvonch bag‘ishlaydi. Ushbu yashil hudud va uning atrofida mikroiqlim hosil qilish maqsadida favvoralar qurilgan, bolalar uchun o‘yin va sport maydonchalari yaratilgan. Xiyobonda zamonaviy yoritish va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan.

– Yangi yil bayrami arafasida poytaxtimiz markazida bunyod etilgan mana shunday zamonaviy uyga ko‘chib o‘tganimiz oilamiz uchun unutilmas voqea bo‘ldi, – deydi yangi xonadon sohiblaridan biri, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari O‘ktam Qurbonov. – Davlatimiz rahbari Islom Karimov oilalarni, xususan, yosh oilalarni mustahkamlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda. Oilamizning imtiyozli shartlar asosida Yevropa mamlakatlaridagi eng zamonaviy uylardan sira qolishmaydigan turar-joyga ega bo‘lgani ana shu yuksak g‘amxo‘rlikning, yurtimizda inson omiliga naqadar katta ahamiyat berilayotganining yaqqol namunasidir.

– Mening yoshligim ushbu yangi imoratlar tushgan yerlarda o‘tgan, – deydi poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi Degrez mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Marat G‘ulomov. – O‘sha davrlarda ko‘chaning bir tomoni eski hovlilardan iborat, ikkinchi tomoni esa jarlik, turli zararli va zaharli hasharotlarning uyasi edi. Shahar markazidagi bunday ko‘rimsiz va befayz manzara odamning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi, albatta. Keyinchalik ko‘cha yuzida bir-biridan xunuk, omonat savdo do‘konlari qurildi. Ammo ularning orqa tomoni jarligicha, xilvatligicha qolaverdi. Do‘konlardan chiqqan turli chiqindilar ko‘chadagi sanitariya holatini yanada yomonlashtirdi. Bugun biz ko‘rib turgan mana bu manzara esa mo‘jiza! Qisqa vaqt ichida bu yerda mana shunday obod maskan – zamonaviy turar-joy binolarining barpo etilishi istiqlolimiz sharofatidan, Yurtboshimizning xalqimiz manfaatlarini ta’minlash borasida yuritayotgan izchil siyosati samaralaridandir.

– Yangi uylarda biz, ayollar uchun yaratilgan qulayliklarni ilgari faqat orzu qilish mumkin edi, xolos, – deydi xonadon sohibasi, Chilonzor tumanidagi 126-maktab o‘qituvchisi Bibidona Mirzayeva. – Keng va shinam mehmonxona, oshxonada yaratilgan qulayliklar, bu yerdagi zamonaviy jihozlar har qanday uy bekasining havasini tortishi shubhasiz. Farzandlarimizning dars tayyorlashi, dam olishi uchun ham barcha sharoit muhayyo. Yana bir qulay tomoni to‘rt xonali uyimizda uchta yuvinish xonasi bor. Bu – uyni loyihalashtirishda xalqimizning urf-odatlari, o‘ziga xos turmush tarzi bilan bog‘liq jihatlar e’tiborga olinganidan dalolatdir. Bunday g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan juda minnatdormiz.

– Bu yerda ilgari elektr texnikasi va maishiy tovarlar bilan savdo qiladigan do‘konlar joylashgani bois ko‘chaning transport yuradigan qismida doimo tirbandlik yuzaga kelardi, – deydi tadbirkor Anora Ernazarova. – Yo‘llar yoqasida mashinalar turnaqator bo‘lib turar, ular transport vositalari va yo‘lovchilarning harakatiga to‘sqinlik qilardi. Do‘konlarning tashqi ko‘rinishi, piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘lkalarga betartib qo‘yib tashlangan mahsulotlar ham poytaxtimizning umumiy qiyofasini juda buzib turardi. Do‘konlar tor, istagan narsani topish azob edi. Endi manzara tamoman o‘zgargan. Ilgari biz havas qilgan chet eldagi savdo qatorlaridan ortiq bo‘lsa ortiqki, kam joyi yo‘q. Kirgan odamning bahri dili ochiladi. Ko‘plab turdagi elektr texnikasi va maishiy mahsulotlar, mebel va gilamlar, oziq-ovqat, kiyim-kechak, kitoblar, parfyumeriya, poyabzal mahsulotlari bilan savdo qiluvchi, bolalar uchun ixtisoslashtirilgan keng va yorug‘ do‘konlarda xaridor uchun ham, sotuvchi uchun ham barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan. Xaridorlar mashinalarini qo‘yishi uchun alohida joy ajratilgan. Bularning hammasi odamlarimizning madaniyati, jumladan, savdo madaniyati yanada yuksalayotganidan dalolatdir. Zero, Prezidentimiz aytganidek, bizning hech kimdan, hech bir sohada kam joyimiz yo‘q.

Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi ko‘chani marjonga tizilgan marvaridday bezab turgan yangi uylar o‘z eshiklarini ochdi. Xalqimiz bunyodkorlik salohiyati va ezgu orzulari ifodasi sifatida bunday imoratlarning bunyod bo‘lgani o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Zero, Vatanimiz buyuk ajdodlarimiz orzu qilganidek tobora yuksalib bormoqda. Odamlarimizning baxtli va farovon hayotiga xizmat qiluvchi, binokorlik sohasida yangi bir davrni boshlab bergan bu uylarning foydalanishga topshirilishi bilan istiqlolimiz solnomasidagi yana bir bunyodkorlik yili – Obod turmush yili boshlanmoqda.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Iqtidor va matonat bahsi

Jurnalistlar bilimini oshirish yo‘lida

Tasviriy san’at festivali

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Havaskor velosportchilar musobaqasi

Saytlar

Prezident matbuot xizmati
Gov.uz portali

Viktorina