![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Sud-huquq islohotlari – mamlakatni rivojlantirish va modernizatsiya qilish jarayonining tarkibiy qismiO‘zA, Anna Ivanova, 22.02.2012 20:59 Toshkentda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda sud-huquq tizimini isloh qilishga ko‘maklashish” loyihasini amalga oshirishning boshlanishiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda sud-huquq sohasida davom etayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqi Komissiyasi va loyihaga jalb etilgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil qilindi. Unda xorijlik ekspertlar, mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari, Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, huquqshunos olimlar ishtirok etdi. O‘zbekistonda barcha sohalarda huquqiy demokratik davlat qurish maqsadida hayotga tatbiq etib kelinayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy vazifasi inson huquqlari, erkinlik hamda manfaatlarini har tomonlama ta’minlashdan iborat. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan qonun ustuvorligi prinsipi asosida sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va erkinlashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Sud-huquq sohasida munosabatlarni tartibga soluvchi, xalqaro normalarga mos qonunchilik shakllandi va muntazam takomillashtirilmoqda. Keyingi besh yilda bu borada qariyb 60 tegishli qonun hujjatlari qabul qilindi. Bosqichma-bosqich islohotlar doirasida sudlar ixtisoslashtirildi, kassatsiya instituti isloh qilinib, sud ishlarini qayta ko‘rishning apellatsiya tartibi, yarashuv instituti joriy etildi, sud faoliyatining barcha bosqichlarida tomonlar tengligi ta’minlandi. Mamlakatimizda 2008 yilning 1 yanvaridan boshlab o‘lim jazosi bekor qilindi, qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazildi. Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini insonparvarlik tamoyillariga muvofiqlashtirish jarayonida ko‘plab jinoyatlar tasnifi o‘zgartirildi, ularning qariyb 75 foizi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi, advokatura instituti, sud-ijro tizimi isloh qilindi. Konferensiyada so‘zga chiqqan mamlakatimiz Adliya vazirligi, Oliy sudi huzuridagi tadqiqot markazi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi oliy o‘quv kurslari vakillari va boshqalar shularni qayd etdi. Konferensiyaning xorijiy qatnashchilari sud-huquq tizimining insonparvarlik tamoyillariga muvofiqlashtirilishi butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otgani va O‘zbekistonning demokratiyani rivojlantirish yo‘lidan qat’iy hamda og‘ishmay borayotganidan dalolat berishini ta’kidladilar. Davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini to‘liq hamda ishonchli himoya qilishni ta’minlash borasida yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu dasturiy hujjatda “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohalarini kengaytirish, sudning mustaqilligi va xolisligini ta’minlash mexanizmlarini yanada rivojlantirish, sud jarayonida o‘zaro tortishuvni kuchaytirish, jinoyat qonunchiligini liberallashtirish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar kompleksi belgilangan. Xorijlik ekspertlar Prezident Islom Karimov belgilab bergan chora-tadbirlar g‘oyat dolzarbligi, tizimliligi, puxta o‘ylangani va mamlakatni izchil demokratik rivojlantirish maqsadlariga to‘liq javob berishini alohida qayd etdilar. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash davomida xalqaro huquq standartlarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish davom etmoqda, ularni amalda qo‘llash takomillashmoqda. Bunda BMT Taraqqiyot dasturi, YEXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik muhim o‘rin tutayotir. Yevropa Ittifoqi bilan muloqot ham faol rivojlanmoqda, sud-huquq sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qator qo‘shma loyihalar amalga oshirildi. Uch yilga mo‘ljallangan mazkur yangi “O‘zbekistonda sud-huquq tizimini isloh qilishga ko‘maklashish” loyihasida huquqni muhofaza qilish organlariga qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishda qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, aholining o‘z huquqlari haqida xabardorligi, huquqiy bilimlarini oshirishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan. Tadbirda so‘zga chiqqan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Norber Justen loyiha turli mamlakatlarning bunday ustuvor sohadagi eng yaxshi tajriba va amaliyotini joriy etishga qaratilgani, shu sababli ushbu hujjat nafaqat O‘zbekiston, balki Yevropa Ittifoqi uchun ham g‘oyat muhimligini ta’kidladi. Bu loyiha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarini qo‘llab-quvvatlovchi mexanizmga, keyinchalik esa boshqa sohalardagi tub o‘zgarishlarda foydalanish mumkin bo‘lgan tajriba modeliga aylanadi. Bundan tashqari, loyiha O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari va Yevropa davlatlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatish imkonini beradi. Loyihada ishtirok etish yevropalik mutaxassislarga O‘zbekiston huquq tizimi bilan batafsil tanishish va ushbu sohada to‘plangan tajribani o‘rganishda qo‘l keladi. Shu tariqa bu jarayon bir-birini boyitishga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Oliy sud huzuridagi tadqiqot markazi loyihani amalga oshirish bo‘yicha milliy hamkorlar hisoblanadi. Yevropa Ittifoqidan uni bajarishda GFR Federal adliya vazirligi huzuridagi Germaniya xalqaro huquq hamkorligi jamg‘armasi, shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Fransiya xalqaro hamkorlik agentligi, Buyuk Britaniya politsiyasi faoliyatini takomillashtirish milliy agentligi va “Shimoliy Irlandiyaning xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik” tashkiloti ishtirok etmoqda. “Jamg‘armamiz O‘zbekiston bilan 2008 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda, – deydi GFR Federal adliya vazirligi huzuridagi Germaniya xalqaro huquq hamkorligi jamg‘armasi direktori Dirk Mirou. – O‘tgan shu vaqt mobaynida ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirildi. Bu galgi o‘ziga xos va keng qamrovli loyiha huquqiy islohotlarning barcha masalalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, qo‘shma menejment bilan ajralib turadi va eng muhimi, birgalikda tajriba to‘plashni ko‘zda tutadi. Uni tayyorlash davomida O‘zbekistonning ushbu tizimni yanada demokratlashtirish va liberallashtirish bo‘yicha islohotlarni chuqurlashtirish tarafdori ekaniga ishonch hosil qildik”. “O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari istiqboldagi o‘zgarishlar uchun yaxshi asos bo‘ladi, – deydi loyiha eksperti Klaus Xyunter (Germaniya). – Mamlakatingizda o‘lim jazosining bekor qilingani, “Xabeas korpus” institutining joriy etilgani, shuningdek, hibsga olinganlarning huquqiy ahvolini yaxshilashni ana shunday samarali natijalar sirasiga kiritish mumkin. Shuni alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston huquq sohasini isloh qilishda katta tajribaga egadir. Biz bu yerga nimalarnidir o‘rgatish uchun emas, balki Yevropa davlatlaridagi eng yaxshi amaliyot bilan o‘rtoqlashish va o‘z navbatida, sizlarning ko‘p yillik tajribangizni o‘rganish uchun kelganmiz”. Xorijlik ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan Konsepsiyaga muvofiq sud-huquq sohasini izchil demokratlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson huquq va erkinliklarini yanada samarali ta’minlash, shuningdek, mamlakatni modernizatsiya hamda isloh qilishni jadallashtirishga xizmat qilayotir. So‘nggi yangiliklar: Kompyuter dasturlari namoyishi Energetiklarning xalqaro forumi |
Reklama Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |