O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

2030 yilgacha bo‘lgan barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar tasdiqlandi

2030 yilgacha bo‘lgan barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar tasdiqlandi

Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoevning O‘zbekiston Respublikasidagi BMT doimiy muvofiqlashtiruvchisi Xelena Freyzer boshchiligidagi BMTning mamlakat bo‘yicha jamoasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati ma’lumot berdi. Unda BMT Taraqqiyot dasturi, YuNESKO, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMT Bolalar jamg‘armasi – YuNISEF kabi BMT tuzilmalari vakillari va Senat qo‘mitalari a’zolari ishtirok etdi.

Uchrashuvda BMTning 2015 yil sentabrdagi barqaror taraqqiyot bo‘yicha sammitida qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining 70-sonli rezolyusiyasiga muvofiq, shuningdek 2030 yilgacha BMT Global kun tartibining Barqaror taraqqiyot maqsadlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha muntazam ishlarini tashkil etish maqsadida o‘tgan yili Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalar tasdiqlandi.

Shuningdek, bu yo‘nalishda tegishli “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Shundan kelib chiqqan holda uchrashuvda uni 2019 yilda amalga oshirish yakunlari, shuningdek belgilangan tadbirlarni bajarish bo‘yicha tomonlarning sa’y-harakatlari muvofiqlashtirilishini ta’minlashga qaratilgan keyingi qadamlar muhokama etildi.

Jumladan, butun dunyoda parlamentlar barqaror taraqqiyot maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilishda tobora muhim rol o‘ynay boshlagani qayd etildi. Bugun BMT tuzilmasi bu yo‘nalishda Oliy Majlis Senati qo‘mitalari bilan faol hamkorlik qilayotgani, bu esa Barqaror taraqqiyot milliy maqsadlarini targ‘ib qilish va amalga oshirishga ko‘maklashayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv doirasida Barqaror taraqqiyot maqsadlari bo‘yicha parlament komissiyasini tashkil etish imkoniyati muhokama etildi. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik kun tartibida turgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.

1 534
O‘zA