O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

2020 yildan har bir bola maktabda o‘qish uchun bir yil maktabgacha ta’lim muassasasida tayyorlanadi

2020 yildan har bir bola maktabda o‘qish uchun bir yil maktabgacha ta’lim muassasasida tayyorlanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida joriy yilda maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish ko‘rsatkichini 44 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq maktabgacha yoshdagi bolalarni bog‘chaga qamrab olish ko‘rsatkichi joriy yilning birinchi yarmida 40,5 foizga yetdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmi holatiga respublikamizdagi 2 million 632 ming nafar maktabgacha yoshdagi bolalarning 1 million 66 ming nafari respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan 9 ming 774 maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olindi. Ularning 5 ming 832 tasi davlat maktabgacha ta’lim muassasasi hisoblanadi. 3 ming 942 tasi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘lib, shundan 753 tasi xususiy, 419 tasi davlat-sheriklik asosidagi, 2 ming 770 tasi oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalaridir.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, bugunga qadar maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini tashkil etishda qo‘llanilayotgan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarni yagona qonunga birlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. 
Qonun loyihasining yangiligi va o‘ziga xosligi shundaki, unda ilk bor har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim maktablariga o‘qishga kirishidan bir yil oldin uning davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul majburiy bir yillik umumiy o‘rta ta’limga tayyorgarlikdan o‘tishi belgilab qo‘yilmoqda. Zero, maktabgacha ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida 2020 yildan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning bepul majburiy bir yillik umumiy o‘rta ta’limga tayyorgarlikdan o‘tishi amaliyotining joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihada ta’lim berishning muqobil shakllarining tashkil etilishi hamda ularning huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Ayniqsa, bolaning oilada tarbiyalanishi va o‘qitilishini ta’minlashda oila majburiyatining belgilanishi, bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotiga borishi uning qonuniy vakillarini bolani oilada tarbiyalash va ta’lim berish majburiyatidan ozod qilmasligining belgilanishi kelgusida qonun normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta’minlaydi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, respublikamizda faoliyat yuritayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun davlat maktabgacha ta’lim standartlarining majburiyligi belgilab qo‘yilayotganligi bolalarning sifatli maktabgacha ta’lim va tarbiya olishlarining kafolatini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni parvarishlash, ovqatlantirish va ularga qarab turish, bolalarning sog‘lig‘i uchun xavfsiz bo‘lgan ta’lim olish va tarbiyalanish sharoitlarini yaratishga oid qat’iy normalar belgilanmoqda. 
Loyihada maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishning majburiyligi belgilanmoqda. Ya’ni, shaharlar, shaharchalar va boshqa aholi punktlari tuziladigan bo‘lsa, respublikamiz aholisi uchun har tomonlama qulay va arzon uy-joy komplekslarining qurilishi natijasida turar joy komplekslari barpo etilsa, aholi yashayotgan hududda maktabgacha yoshdagi bolalarning soni qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan sondan oshadigan taqdirda majburiy tartibda Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilishiga doir alohida modda kiritilgan.

Qonun loyihasi tadbirkorlar oldiga ham bir qator muhim vazifalarni yuklashi bilan birga imkoniyatlarini ham kengaytirishga huquqiy asos yaratmoqda. Jumladan, yangi turar joy komplekslarini loyihalashtirish va qurishda ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarida har bir 200 ta kvartira uchun kamida 50 ta joyga mo‘ljallangan alohida bino yoki yakka tartibdagi uy-joylar shaklida maktabgacha ta’lim tashkiloti albatta bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, bolalarni to‘liq qamrab olishni ta’minlash maqsadida, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan jismoniy shaxslarning oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti shaklida maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasida ta’lim xizmatlari ko‘rsatishining qonuniy asoslari mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasiga muvofiq maktabgacha ta’lim tashkilotining boshqaruvi pedagogik kengash, kuzatuv kengashi, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining boshqaruvi esa uning muassisi tomonidan belgilanadi.

Odinaxon JAMOLDINOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

541
O‘zA