O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

2020 yilda foydalanishga topshirilish rejalashtirilgan bolalar milliy tibbiyot markazi shifokorlari chet elda malaka oshirmoqda

2020 yilda foydalanishga topshirilish rejalashtirilgan bolalar milliy tibbiyot markazi shifokorlari chet elda malaka oshirmoqda

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi. 

Ayni kunlarda poytaxtimizda barpo etilayotgan Bolalar milliy tibbiyot markazida qurilish ishlari yakunlanish arafasida. Hozirda ushbu zamonaviy muassasani yuqori texnologik tibbiyot uskunalari bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborildi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 130,58 million AQSh dollariga teng.

Mazkur tibbiyot markazini qurish, eng so‘nggi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash barobarida, malakali mutaxassislarni tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Koreya Respublikasining nufuzli Pusan milliy universiteti klinikasida 100 nafar mutaxassislarimizning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Bir muddat avval 30 nafar hamshira bir oylik o‘quv kursini yakunlab qaytgan edi. Kuni kecha 19 nafar shifokor bir yillik o‘quv kursini tugatib, yurtimizga qaytib kelishdi. Joriy yil 17 noyabrdan esa yana 20 nafar shifokor Pusan milliy universiteti klinikasida malaka oshirishni boshlaydi va bir yil davomida bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida malaka oshirib kelgan va malaka oshirishga yuborilayotgan shifokorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda yurtimizda tibbiyot sohasiga ilm-fan va innovatsiyalarning so‘nggi yutuqlarini keng tatbiq etishga e’tibor tobora kuchayayotgani, bunda malakali kadrlarning hissasi beqiyos ekani alohida ta’kidlandi.

– Yurtimizda Markaziy Osiyo, qolaversa, MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib barpo etilayotgan Bolalar milliy tibbiyot markazining tashkil qilinishi tibbiyotimizning katta yutug‘idir. Bu markazda ishlash uchun tanlab olingan tibbiyot xodimlarining Koreya Respublikasining eng nufuzli universiteti klinikasida malaka oshirishini tashkil qilish kelgusida xalqaro standartlarga mos ravishda bolalarga ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi, – dedi Koreyada malaka oshirib qaytgan bolalar infeksionisti Adhamjon Mamatqulov. – Malaka oshirish uchun yuborilgan guruh tarkibida tibbiyotning xirurgiya, nevrologiya, onko-gematologiya, urologiya, travmatologiya-ortopediya, gastroenterologiya, neonatologiya kabi o‘nlab yo‘nalish mutaxassislari o‘z sohalari bo‘yicha tashxislash, davolashning zamonaviy va innovatsion usullari, ularni qo‘llashda yuqori texnologik uskunalardan foydalanish borasida bilim va ko‘nikmalarini oshirib qaytishdi. Shuningdek, har birimiz o‘z yo‘nalishimiz bo‘yicha koreyalik mutaxassislar bilan aloqa o‘rnatdik va kelgusida yurtimizda ular ishtirokida anjumanlar va mahorat darslari tashkil qilishga, onlayn tarzda tibbiyotdagi yangiliklar haqida bilimlarimizni almashib turishga kelishib oldik. 

Ma’lumot uchun, yangi markaz 280 o‘ringa ega bo‘lib, unda kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish va birinchi yilida 1 ming 500 dan ziyod yuqori texnologiyaga asoslangan operatsiyalar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu zamonaviy shifoxonada ming nafarga yaqin malakali shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. 

2020 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan mazkur zamonaviy va innovatsion Bolalar milliy tibbiyot markazi yurtimizdagi boshqa tibbiyot muassasalari uchun namuna bo‘lishi bilan birga, ularning izchil rivojlanishiga ham sabab bo‘lishi shubhasiz.

577
O‘zA