O‘zA O`zbek

16.08.2018 17:13 Chop etish versiyasi

2018-yilda 32 ta maktabda 54 milliard so‘mlikdan ziyod qurilish ishlari bajarildi

Dang‘ara tumanida “Aziz va yagonamsan jonajon, O‘zbekistonim!” shiori ostida Farg‘ona viloyati xalq ta’limi xodimlarining an’anaviy avgust kengashi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib ulg‘aytirish, ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.

Ayni kunlarda ta’lim sohasida xalqaro ilg‘or tajribalardan kelib chiqqan holda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ota-onalar va o‘quvchilarning xohishi, keng jamoatchilikning taklifi asosida 11 yillik umumiy majburiy ta’lim joriy etildi. O‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, o‘qituvchilarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish orqali ta’lim sifatini oshirish borasida ham salmoqli ishlar qilinayotir. Buni Farg‘ona viloyatidagi maktablar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Viloyatda bugungi kunda 913 umumta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatib, ularda yosh avlodning zamonaviy bilimlarni puxta o‘zlashtirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. 143 ta tayanch maktabda har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

2018 yil Investitsiya dasturi asosida 32 ta umumta’lim maktabida 54 milliard so‘mlikdan ziyod qurilish ishlari bajarilib, ta’lim maskanlari yanada ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. 2018-2020 yillarda 86 umumta’lim maktabida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

– Maktablarimizda fidoyilik bilan ishlayotgan o‘qituvchilarimiz juda ko‘p, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ma’rufjon Turdimatov. – Ularning mehnatini rag‘batlantirish, tajribalarini o‘rganish amaliy samaralar berishi aniq. Ta’lim sifati va samaradorligi bo‘yicha o‘tgan o‘quv yilini yaxshi natijalar bilan yakunladik. Iste’dodli o‘quvchilarimiz nufuzli xalqaro sport musobaqalari, yurtimizda o‘tkazilgan fan olimpiadalari va bilimlar bellashuvlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Yangi o‘quv yilida bu boradagi yutuqlarni yanada mustahkamlash uchun zarur chora-tadbirlar belgilab olganmiz.

Anjumanda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi. Ta’lim jarayoniga kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va dasturlarini joriy etish hamda darsliklardagi o‘zgarishlarni pedagog xodimlarga yetkazish, pedagoglarni ta’lim berishning yangi zamonaviy usullari bilan tanishtirish, “Xalq ta’limi – sifatli ta’lim“ shiori ostida mashg‘ulotlar tashkil etish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda endi ish boshlayotgan bir guruh yosh o‘qituvchilar tantanali qasamyod qabul qildi. Ilg‘or xalq ta’limi xodimlari, shogirdlari nufuzli xalqaro sport musobaqalari, fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvlarining mamlakat bosqichida yuqori natijalarga erishgan ustozlarga viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 093