O‘zA O`zbek

06.09.2018 12:59 Chop etish versiyasi

2018-yil paxta hosilini 34 ta tuman hasharchilarsiz terib oladi

2018-yil paxta hosilini 34 ta tuman hasharchilarsiz terib oladi

Shu mavsumdan boshlab paxta yigʻim-terimi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan shaxslardan pensiya jamgʻarmasi uchun sugʻurta badallari undirilmaydi.

2018-yil hosili paxta xom ashyosini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.

Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

• paxta xom ashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 400 ming soʻm xizmat haqi toʻlash;

• paxta xom ashyosining qoʻlda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 soʻm, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha – 850 soʻm, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda – 1000 soʻm mehnat haqi toʻlash.

Bundan tashqari, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta uchun qoʻshimcha 150 soʻm, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 soʻm, jami 300 soʻm ustama haqi toʻlanishi nazarda tutilgan. Ushbu mablagʻlar Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.

Qarorda belgilanganidek, otryad rahbarlari terilgan paxta miqdoridan kelib chiqqan holda mehnat haqini oshirib borish asosida ragʻbatlantiriladi.

Paxta yigʻim-terimida ish kuchi yetishmovchiligi kuzatilgan taqdirda, tumanlar hokimliklari hamda tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining buyurtmalariga asosan tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari tomonidan qoʻshimcha terimchilar ixtiyoriy ravishda jalb etiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yigʻib-terib olishni tashkil etish, mavsumda qatnashayotgan terimchilarga mehnat haqi toʻlash hamda ish kuchi yetishmovchiligi mavjud tumanlarga qoʻshimcha terimchilarni jalb qilish va ularga kafolatlangan haq toʻlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Eslatib oʻtamiz, shu mavsumdan boshlab paxta yigʻim-terimi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan shaxslardan pensiya jamgʻarmasi uchun sugʻurta badallari undirilmaydi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2018-yil paxta hosilini yordamchi kuchlarisiz (hasharchilarsiz) terib oladigan tumanlar roʻyxati quyida keltirilgan.

01.JPG02.JPG03.JPG

OʻzA
3 350