O‘zA O`zbek

08.08.2019 17:30 Chop etish versiyasi

2014-yildan buyon oʻquvchilarimiz xalqaro matematika musobaqasida 3 oltin, 7 kumush, 4 bronza medalini qoʻlga kiritdi

2014-yildan buyon oʻquvchilarimiz xalqaro matematika musobaqasida 3 oltin, 7 kumush, 4 bronza medalini qoʻlga kiritdi
Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!

Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida matematika fani boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasining 8 nafar aʼzosi Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligiga oʻziga xos sovgʻa tuhfa etdi. Ular individual bellashuvda 1 oltin, 1 kumush, 4 bronza va 2 faxriy yorliq, jamoalar bellashuvida 8 bronza medalni qoʻlga kiritdi.

Muzaffar oʻquvchilar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi masʼullari, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar, yoshlar ishtirokida tantanali kutib olindi.

1-6-avgust kunlari boʻlib oʻtgan xalqaro matematika musobaqasida 41 davlatdan 500 dan ortiq iqtidorli oʻquvchi kombinatorika, sonlar nazariyasi, geometriya boʻlimlariga oid murakkab va nostandart masalalarni yechishda bellashdi.

Buxoro viloyati, Qorakoʻl tumanidagi 1-umumtaʼlim maktab-internatining 7-sinf oʻquvchisi Anvarjon Rahmatov barcha shartlarda yuqori natija qayd etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.

– Xalqaro musobaqaga birinchi marta qatnashdim, – dedi A.Rahmatov. – Avvaliga juda qattiq hayajon bosdi. Raqiblarim ham kuchli edi. Shunday boʻlsa-da, menga bildirilgan ishonchni oqladim. Qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlarimda ota-onam va ustozlarimning mehnati yuqori boʻldi.

Maʼlumki, joriy yilning 19-may kuni mazkur musobaqaning II respublika saralash bosqichi Samarqand shahrida oʻtkazilgan edi. Unda hududlardan saralab olingan 140 iqtidorli oʻquvchi ishtirok etdi. Qizgʻin davom etgan musobaqa yakunida 8 nafar Oʻzbekiston terma jamoasi saralab olindi.

Xalq taʼlimi vazirligi tashabbusi bilan 2014-yildan boshlab mamlakatimiz oʻquvchilari xalqaro matematika musobaqasida ishtirok eta boshlagan boʻlib, hozirgi kunga qadar 3 oltin, 7 kumush, 4 bronza medal qoʻlga kiritildi.

Xurshid QODIROV, OʻzA
4 259