O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

20 million so‘mga tabiat uchun foyda sotib olsa bo‘ladimi?

20 million so‘mga tabiat uchun foyda sotib olsa bo‘ladimi?

Har bir fermer ishlab chiqarayotgan iste’mol mahsulotlariga talab yuqori bo‘lsa undan yaxshi daromad olishini biladi. Mulkdorlarni bu boradagi izlanishlari va yangilikka intilishini GEF kichik grantlar dasturi ko‘llab-quvvatlashga doim tayyor.

– GEF aynan atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilishga yo‘naltirilgan xarajatlarning tabiatga foyda keltirishga qaratilgan qismini qoplaydi, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari 
va tomorqa yer egalari kengashi vakili N.Mirabdullaev. – Misol uchun, biror-bir hududda fermer xo‘jaligi yerga ishlov berish uchun mola, seyalka sotib olish uchun 20 million so‘m sarflamoqchi. Bu uskunalarni yerni chuqur shudgorlash usuli bilan ishlov berish uchun ishlatmoqchi. Biroq, yerga ishlov berishning ekologik jihatdan bezarar usullari xam mavjud. 

Yerni chuqur shudgorlamasdan ekin ekish ulardan biri. Ammo bunday ishlov berish turi qimmatroq uskunalardan foydalanishni talab qiladi. Faraz qilaylik, bunday uskunaning bahosi 40 million so‘m bo‘lsin. Fermerda esa 20 million so‘m bor. 

Bunday vaziyatda oddiy va arzonroq uskunalar xarid qilinadi. Agarda bu vaqtda yetishmagan mablag‘ grant sifatida berilsa, ular tabiat uchun manfaatli bo‘lgan hamda yerning sifatini saqlagan holda unga ishlov berish usulidan foydalanish uchun kerakli uskunalarni xarid qiladi. Boshqacha aytganda, GEF 20 million so‘mga tabiat uchun foydani sotib oladi. Demak, fermer yerni shudgorlash jarayonida bir paytning o‘zida ham ularga foydali bo‘lgan, ham yerning unumdorligi va sifatini saqlaydigan uskuna oladi. Umumiy xarajatlar 40 million bo‘lsa, undan 20 millioni fermer, 20 millionini GEF qoplaydi.

Qayd etish kerakki, Global ekologik jamg‘arma (GEF)ning kichik grantlar dasturi tabiat va atrof-muhitga foyda keltiradigan loyihalarni amalga oshirish uchun grant shaklidagi moliyaviy ko‘mak ko‘rsatadi. Bunda taqdim etilgan loyihaning faqat 50 foiz mablag‘i ta’minlanadi. Bilamizki, grant-beg‘araz beriladigan, qaytarish shart bo‘lmagan moliyaviy yordam turi.

Miqdori 50 000 dollarga barobar bo‘lib, milliy valyutada to‘lanadigan grant olish uchun loyiha taqdim etayotgan tashkilot amaldagi qonunchilikka asosan notijorat va nodavlat tashkiloti maqomiga ega bo‘lishi shart. Ular jismoniy shaxslarga berilmaydi. Misol uchun fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari, yuridik maqomga ega bo‘lgan dehqon xo‘jaliklari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, suvdan foydalanuvchilar uyushmalari, fan va akademik tuzilmalar grant loyihalari bilan murojaat qilishlari mumkin.

2 107
O‘zA