Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 20:01 Chop etish versiyasi

2 ming 500 dan ziyod oila buzilishining oldi olindi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Namangan viloyati kengashi boshqaruvining 2017-yil faoliyati yakunlari va 2018-yildagi ustuvor vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Hisobot ma’ruzasida qayd etilishicha, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi ijro apparati tomonidan Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida barcha tashkiliy vazifalar izchil amalga oshirildi.

Jumladan, 770 fuqarolar yig‘inida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosarlari – yoshlar masalalari hamda keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilar saylovi o‘tkazildi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, mahalla va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha 480 mingdan ortiq oilaning ahvoli o‘rganilgan. Bu jarayonda 6 ming oiladagi turli nizolar bartaraf etilib, 2 ming 500 dan ziyod oilaning ajralib ketishi hamda 100 dan ortiq erta nikohning oldi olingan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yakka-yolg‘iz qariyalar, nogironlar hamda tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga 250 million so‘mlikdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilgan. 43 fuqarolar yig‘ini binosi ta’mirlanib, 6 tasi rekonstruksiya qilingan, 7 tasi yangidan qurilgan.

Sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari aholi orasida keng muhokama qilinishi va sayyor sudlarda ko‘rib chiqilib, joyida ijobiy hal etilishi natijasida jinoyatchilik o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga kamayishiga erishilgan.

Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham tanqidiy baho berildi. Jumladan, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha talab darajasida monitoring olib borilmagan. Bu, o‘z navbatida, dastur bo‘yicha noreal hisobotlar taqdim etilishiga sabab bo‘lgan. Ijro intizomi bugungi kun talabidan ortda qolayotgani, komissiyalar faoliyatidagi sustkashlik, targ‘ibot tadbirlarining samarasi pastligi, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash talab darajasida emasligi tizim faoliyati samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu umumiy jinoyatchilik kamaygan bo‘lsa-da, 770 mahallaning bor-yo‘g‘i 160 tasida jinoyat sodir etilmaganida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Yig‘ilishda tashkiliy-uslubiy, axborot-tahlil va statistikada axborot texnologiyalarini rivojlantirish, yoshlar, faxriylar bilan ishlashni muvofiqlashtirish, ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

2018-yilda dasturlar ijrosini ta’minlash, o‘tgan yilda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasi, Konstitutsiyamizning 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi asosida belgilab olindi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
8 111