O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

2 million nafarga yaqin yoshlar saylovda ilk bor ishtirok etadi

2 million nafarga yaqin yoshlar saylovda ilk bor ishtirok etadi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy kengashlarga dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda 20 million 600 mingdan ziyod saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Saylovchilarning 55,2 foizi, ya’ni 11 million 371 ming nafardan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, shu jumladan, 2 million nafarga yaqinini saylovda birinchi marta ishtirok etuvchilar tashkil etadi.

Bu haqda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Yosh saylovchi –2019” mavzuida o‘tkazilgan o‘quv-seminarida ma’lum qilindi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi A.Sa’dullaev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent oliy harbiy-texnik instituti professor-o‘qituvchilari, oliy ta’lim muassasalari faol talabalari, “Yoshlar va qonun”, “Men saylovga tayyorman” respublika tanlovlari g‘oliblari, davlat va jamoat tashkilotlari faol yoshlari ishtirok etdi.

Yoshlarning saylov qonunchiligi, saylov jarayonlari, deputatlikka nomzodini ilgari surish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, saylov jarayonlarida yoshlarning bevosita ishtiroki va faolligini oshirish, shuningdek, huquqiy targ‘ibot yo‘nalishi bo‘yicha Yoshlar ittifoqining doimiy targ‘ibotchi-trenerlar guruhini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda bo‘lajak saylovda Yoshlar ittifoqi oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Muhokamalarda yoshlarni deputatlikka tayyorlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishda yoshlarni keng jalb etish, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, 3 kun davom etgan tadbirning dastlabki kuni ochiq muloqot tashkil etilib, saylovlarda yoshlarning ishtirokini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent harbiy-texnik bilim yurti professor-o‘qituvchilari tomonidan “Saylov qonunchiligi: saylov jarayonlari, saylov komissiyalari va ularning vakolatlari, saylovoldi debatlar va debatlarni o‘tkazish texnologiyalari” mavzuida taqdimot o‘tkazildi.

Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilar 5 ta guruhga bo‘lingan holda seminar mashg‘ulotlari davom ettirildi. Mashg‘ulotlarda siyosiy partiyalarning saylovoldi platformasi, nomzodning saylovoldi dasturi, saylov shtabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, saylovoldi tashviqoti, deputatlikka nomzodlar faoliyati kafolatlari, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar bo‘yicha ishtirokchilarga zarur bilim va ko‘nikmalar berildi.

Ishtirokchilar tomonidan o‘quv-mashg‘ulotlari doirasida o‘z saylovoldi dasturi ishlab chiqilib, taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, guruhlar o‘rtasida saylovoldi debatlari, “Biz kelajak uchun ovoz beramiz!” mavzusida fleshmob tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining malakali mutaxassislari tomonidan o‘quv-seminari yakunlari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning aksariyat qismi (88 foizi) tadbir samaradorligini ijobiy baholadi. Jumladan, ishtirokchilarning 73 foizi saylov jarayoniga oid bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlaganini bildirgan. 23 foiz ishtirokchi saylov jarayoni to‘g‘risida umumiy tushunchaga ega bo‘lgani va qolgan 4 foizi ahamiyatli biron bir yangilikka ega bo‘lmagani haqida fikr bildirgan.

Tahlillarga ko‘ra, 53 foiz respondent deputatlikka nomzod qo‘yish tartibi to‘g‘risida, 30 foizi saylovoldi tashviqoti bo‘yicha ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish zarurati mavjudligini e’tirof etgan. Bu yoshlarning siyosiy jarayonlarda saylovchi sifatida emas, balki bevosita saylov huquqi asosida saylanish huquqidan foydalanish tashabbusi yuqoriligidan dalolat bermoqda.

Tadbir yakuni bo‘yicha yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini rivojlantirish va saylovlarda faolligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, Yoshlar press-klubida ochiq muloqot tashkil etilib, Yoshlar ittifoqi tomonidan ishlab chiqilgan “Shegarasiz” loyihasining 1- va 2-qismi namoyish etildi.

3 686
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA