O‘zA O`zbek

18.07.2019 19:28 Chop etish versiyasi

1893 ta mehnat daftarchasi, bu – 1893 taqdir degani

1893 ta mehnat daftarchasi, bu – 1893 taqdir degani

Bir qarashda daraxtlarning ortiqcha shoxlarini butayotgan, yoʻl chetlaridagi toʻsiqlarni erinmay oqlayotgan, qoʻlidagi supurgi bilan koʻchalarni obod qilayotgan orastabonlarni koʻrib oʻylab qolasiz. 

Aynan ish beruvchilar tomonidan jamoat ishlari bilan band boʻlayotgan fuqarolarning qonuniy manfaatlari taʼminlanyaptimi?

Shu maqsadda Qiziltepa tuman adliya boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 799-sonli qaroriga koʻra ishsiz shaxslarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga keng jalb etish, ularning qonuniy manfaatlarining kafolatlanish darajasi monitoring qilindi.

Oʻrganish natijalariga koʻra, tumanda jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolarning 1893 nafariga nisbatan mehnat huquqi qoidalari qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Qiziltepa tumani adliya boʻlimi tomonidan ish beruvchilarga 40 ta taqdimnoma kiritilishi, shuningdek, 20 nafar ish beruvchilarni maʼmuriy javobgarlikka tortilishi taʼminlangan.

Natijada 1893 nafar jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolarning mehnat daftarchalariga ishlaganligi toʻgʻrisida tegishli yozuvlar kiritilgan.

Bundan tashqari, adliya boʻlimi tomonidan jamoat ishlariga jalb qilingan 1893 nafar xodimlarning 661 nafari (34 %) birinchi marotaba mehnat munosabatlariga kirganligi sababli, mehnat daftarchasi yuritilishi taʼminlab berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 29-yanvarda 402-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaning 1.1-bandida Mehnat daftarchalari xodimlarning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat boʻlib, mulkchilik va xoʻjalik yuritish shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda 5 kundan ortiq ishlagan, shu jumladan, muayyan muddatga yollanganlarga, shuningdek, davlat ijtimoiy sugʻurta qilinishi koʻzlangan taqdirda, shtatlar jadvalidan tashqari xodimlarga xam yuritilishi belgilangan.

Vaholanki, mazkur qoida talablari ish beruvchilar tomonidan qoʻpol ravishda buzilgan boʻlib, hattoki bir yildan buyon ishlab kelayotganlarga nisbatan ham mehnat daftarchasi yuritilmayotganligi aniqlangan.

Muxtasar aytganda, 1893 nafar fuqarolar kelajakka boʻlgan ishonchi ortdi, ularda qonunlar inson omili uchun xizmat qiladi, insonlar huquqlarini himoya qiladi degan sogʻlom huquqiy dunyoqarash shakllandi.

Eng asosiysi, mehnat daftarchalari sabab kelajakda keksalik nafaqasini olib, nabiralar bagʻrida yorugʻ yuz bilan umrguzaronlik qilish kafolatladi.

Abduvali Asadov,
Navoiy viloyati 
Qiziltepa tuman adliya boʻlim boshligʻi 

OʻzA
514