O‘zA O`zbek

27.08.2018 14:30 Chop etish versiyasi

Avtokredit olish imkoniyati oshdi

Avtokredit olish imkoniyati oshdi

Ayni vaqtda aholining avtokredit olish imkoniyati yana oshmoqda. Xususan, “Qishloq qurilish bank” ham toʻrt yilga olti oylik imtiyozli davr bilan ana shunday kreditlar ajratishni boshladi. Eng muhimi esa hujjatlar soddalashtirilgan boʻlib, pasport va ishxonadan maoshingiz haqida maʼlumotnoma boʻlsa, bas.

Demak, hozirgi tezkor zamonda vaqt va mablagʻni tejash borasida masofaviy xizmatlar koʻlamini kengaytirish choralari koʻrilmoqda. Shunday ekan, aholi uchun qulay boʻlgan bunday xizmatlar bank-moliya tizimida qanday yoʻlga qoʻyilgan? Ulardan mijozlar mamnunmi?

– Hozirga qadar “Internet banking“, “Mobil banking“, “SMS banking“ xizmatlari joriy etilgan edi, – deydi Bank Axborotlashtirish departamenti direktori oʻrinbosari Ulugʻbek Islomov. – Aytish mumkinki, ulardan foydalanuvchi mijozlar soni kun sayin ortmoqda. Buni mijozlar soni oyiga oʻrtacha 30-40 foiz oʻsayotgani ham yaqqol koʻrsatib turibdi. Soʻnggi yangiliklardan biri – “Depozit banking” xizmatidan ham koʻplab omonatchilar foydalanmoqda. Hozirda undan foydalanuvchilar soni olti yuz nafarga yaqinlashib qoldi. Bunda omonatchilar bankka kelmasdan turib oʻz hisob-raqamidagi mablagʻlarni boshqarishi, foizlarni yechib olishi mumkin. 

Mutaxassislarning aytishicha, zamonaviy, masofaviy xizmat turlaridan biri, bu – “SMS-xabarnoma” boʻlib, ayni vaqtda undan eng koʻp mijozlar – 73 ming nafardan ziyod yurtdoshimiz foydalanmoqda. Yuridik tashkilotlar ham koʻproq “SMS banking”dan foydalanishi bois ularning soni qariyb 7 mingga yaqinlashib qoldi.

“Qishloq qurilish bank”da joriy etilganiga uch oy boʻlgan mikroqarz berish jarayonidan ham foydalanayotganlar soni ortmoqda. Oʻtgan qisqa fursatda ularning soni besh yuz nafardan oshdi. Bunda siz 18 million soʻmgacha boʻlgan mablagʻni bir yilga olishingiz mumkin. Ayni vaqtda “Onlayn ariza” xizmatini yoʻlga qoʻyishga hozirlik koʻrilmoqda. Bunda mijoz bankka kelmasdan barcha turdagi xizmatlardan foydalanishi mumkin.

O'zA
3 503