O‘zA O`zbek

12.09.2018 10:29 Chop etish versiyasi

18 mamlakat, 120 kompaniya, 400 million dollorlik shartnoma — Buxoroga 2 kunda kelgan investitsiya oqimi

18 mamlakat, 120 kompaniya, 400 million dollorlik shartnoma — Buxoroga 2 kunda kelgan investitsiya oqimi

Buxoroda 10-11 sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan “Agro Business Bukhara” xalqaro biznes-forumida dunyoning 18 mamlakatidan koʻplab yirik kompaniya va firmalar rahbarlari, mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.

2.jpg

“Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasida biznes yuritishning afzalliklari, shuningdek, viloyatning investitsiya salohiyatini targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan forumda Rossiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Gollandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Hindiston, Eron, Isroil, Saudiya Arabistoni, Germaniya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan 120 dan ortiq kompaniyalar vakillari joylarga chiqib, “Buxoro-agro” EIZ hududi, mavjud issiqxonalar va yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari bilan tanishdi.

3.jpg

Buxoro viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning avgust oyida xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida Yevropaning qator mamlakatlarida boʻlgan va “Buxoro-agro” EIZ faoliyatiga oid koʻplab taqdimotlar qilinib, hamkorlik aloqalari boʻyicha hujjatlar imzolangan edi. Mazkur xalqaro biznes-forumda ularning vakillari ham ishtirok etdi.

4.jpg

– Antaliyada Buxoro tumanida bosqichma-bosqich 140 gektar maydonda issiqxona tashkil etish uchun 80 milliondan 100 million AQSH dollarigacha miqdorda investitsiya kiritish yuzasidan memorandum imzolagan edik, – deydi Turkiyaning “Varnet” kompaniyasi rahbari Ilyas Xurshid. – Bugungi forumda esa kelishuv shartnomasi tuzildi. Loyiha toʻla amalga oshgach, 1000 kishi ish bilan taʼminlanadi. Bugun kompaniyamizga ajratilgan maydon bilan tanishdik. Hudud biz uchun qulay yerda joylashgani maʼqul boʻldi. Eʼtiborlisi shundaki, tuman rahbariyati har biri 3 gektarli issiqxonalar barpo qilishimiz uchun yer maydonlarini tekislab berayotir. Hademay, amaliy ishlarni boshlab yuboramiz. Zarur uskunalar yaqin orada keltiriladi.

“Buxoro-agro” EIZ uchun Jondor tumanidagi Yakkatut massividan 100 gektar yer ajratilgan. Bu hududning imkoniyatlarini oʻrganish maqsadida massivga yoʻl olgan eronlik investorlar bilan manzilga yetib kelganimizda, mehmonlar uchun yoʻl boʻyida tiklangan ayvonda “Ieodom” kompaniyasining (AQSH) MDH mamlakatlari boʻyicha bosh direktori Dong Jun Song tuman hokimi K.Kamolov bilan muzokara olib borayotgan ekan.

– Bizga hududning xalqaro avtomobil yoʻli boʻyida va temir yoʻl yaqinida joylashgani, issiqxona tashkil etish uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi taʼminoti kafolatlangani, sugʻorish tizimi sozligi, logistika markazi qurilishi koʻzda tutilayotgani juda maʼqul tushdi, –deydi Dong Jun Song. – Biz bu yerdagi 30 gektar maydonda atirgul yetishtiriladigan issiqxona qurish niyatidamiz. Atirgullar xorijga eksport qilinadi. Kompaniyamiz rahbariyati loyihamni qoʻllab- quvvatlagach, shartnoma tuzish uchun yana kelaman.

– Investor uchun muhimi ishonch, – deydi Eron Islom Respublikasining “Delta” guruhi vakili Said Javod Karbosiy. – Investorlarga beriladigan imtiyozlar, yaratilgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldik. Bu, albatta, ishimiz muvaffaqiyatiga ishonch uygʻotadi. Bu yerga shunchaki, tanishuv uchun kelganimiz yoʻq. Buxoro viloyatiga, Jondor tumaniga hamkorlik uchun qaytishni rejalashtiramiz.

Albatta, xalqaro biznes-forumga tashrif buyurgan sarmoyadorlarning aksariyati “Buxoro-agro” EIZ hududiga kirgan tumanlarda zamonaviy konstruksiyalar qoʻllanilgan, tannarxi arzon mahsulotlar yetishtiriladigan issiqxonalar, ular yonida quriladigan qayta ishlash sexlari va logistika markazlarini oʻz ichiga olgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muzokara va muloqotlar olib bordi. Shu bilan birga, investorlar iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga oid istiqbolli loyihalarga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi. Masalan, Turkiyaning “Atayurt investment business development finance and construction” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi Mexmet Asim Atayning taklifi Peshku tumani hokimligida qoʻllab-quvvatlandi.

– Peshku tumanida MDF eshiklari uchun qoʻllaniladigan taxta, shuningdek, DVP va DSP ishlab chiqaradigan zavod qurmoqchimiz, – deydi xorijiy korxona rahbari. – Buning uchun yogʻochbop daraxt talab qilinmaydi. Biz qamishni qayta ishlaymiz. Bu xomashyo esa Peshkuning choʻl hududida yetarli ekan. Undan tayyorlanadigan qurilish materiali nisbatan arzon. Ushbu loyiha yuzasidan kelishuv bitimini imzolash niyatidamiz.

5.jpg

Forum dasturi doirasida sarmoyadorlar tuman va shaharlarda bildirilgan investitsion takliflar va yirik korxona hamda tashkilotlar tomonidan taklif etilayotgan boʻsh inshootlar, ularga tegishli loyihalar bilan oʻsha joyning oʻzida tanishdi.

Forum muvaffaqiyatli yakunlandi. Unda ikki kun davomida qariyb 400 million, jumladan, “Buxoro-agro” EIZ loyihalariga tegishli 220 million AQSH dollari miqdoridagi shartnomalar imzolandi.

E.Yodgorov, T.Istatov (surat), OʻzA
1 221