Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.08.2018 19:10 Chop etish versiyasi

166 ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash uchun kredit, byudjet mablag‘lari hisobidan 20,6 milliard so‘m ajratilgan

Poytaxtimizda Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senati raisi N.Yo‘ldoshev, Prezident Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari U.Muhammadiyev, Yunusobod tumani hokimi B.Abdusamatov, senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlar doirasida barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga Yunusobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasi yuklatilgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentning joriy yil 15 avgustdagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatilgan edi.

Majlisda Toshkent shahar tumanlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy holat va aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhining Yunusobod tumani bo‘yicha axboroti tinglandi. Shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralar, tuman hokimligi rahbarlarining belgilangan vazifalarni ijro etish chora-tadbirlari haqidagi axborotlari muhokama qilindi. Joriy yilda hududdagi ko‘p qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha olib borilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, 40 mahalladagi 166 ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash ishlari uchun kredit, byudjet mablag‘lari hisobidan 20,6 milliard so‘m ajratilgan. Biroq shunday bo‘lsa-da, soha xodimlarining o‘rganishlari davomida 14 avariya holatidagi ko‘p qavatli uylar borligi, ushbu muammoga tez fursatda chora ko‘rish lozimligi bo‘yicha soha xodimlariga zarur topshiriqlar berildi.

– Yig‘ilishda mahallalar raislariga ham hududida befarq bo‘lmay, ijtimoiy ahvolni yanada yaxshilash, aholiga qulay sharoit yaratish borasida zarur vazifalar berildi, – deydi “Mirzo Ulug‘bek“ MFY raisi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Ravshan Yusupov. – Joylarda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar ma’raka va marosimlarni tartibli o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash, hududni obodonlashtirish yuzasidan tizimli ishlarni olib bormoqdamiz.

Tadbirda tuman aholisi bandligini ta’minlash, yangi sanoat va xizmat ko‘rsatish korxonalarini tashkil etish, bo‘sh turgan binolardan unumli foydalanish, kommunal xizmat ko‘rsatish sohalaridagi muammolar, ijtimoiy sohada yechimini kutayotgan masalalar haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Tumanni kompleks rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etish ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilishni ta’minlash choralari to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qilindi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 290