O‘zA O`zbek

16.04.2019 11:40 Chop etish versiyasi

14 kilogrammdan ortiq giyohvand moddasi aniqlandi

14 kilogrammdan ortiq giyohvand moddasi aniqlandi

Farg‘onada 14 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddasini uyida saqlagan shaxs qo‘lga olindi.

Hozirda insoniyat boshiga turli balolarni solib, oilalarni va jamiyatni tanazzulga olib boradigan illatlardan biri giyohvandlikdir. Mamlakatimizda ham ushbu illatga qarshi kurashish yuzasidan keskin choralar ko‘rilayotgani hech kimga sir emas. Farg‘ona viloyatida ham huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish borasida tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Tolibjon Akramov ham giyohvandlikka mukkasidan berilgan. U o‘zi ishlaydigan O‘zbekiston tumanidagi “Qo‘rg‘oncha fayz” fermer xo‘jaligi hududida o‘sib turgan nasha giyohvandlik o‘simligini aniqlab, uni barglaridan terib olib, yashash uyiga olib kelgan. Ko‘p miqdordagi “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda joriy yilning 6 yanvar kuniga qadar yashash xonadonida saqlab kelgan.

Viloyat IIB transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida “Qushqo‘noq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro T.Akramovning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, uydagi tandir tagidan bir dona 3 litr sig‘imdagi shisha bankaga solingan 109 gramm, bir dona qora rangli polietilen paketga solingan 247 gramm, uyning tom qismidan uch dona oq rangli polietilen qoplarga solingan 14,485 gramm, jami 14 kilogramm 841 gramm ko‘p miqdordagi yashil rangli, o‘tkir hidli, quruq holdagi “marixuana” giyohvandlik moddasiga o‘xshash moddalar xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida olingan.

Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, topilgan o‘simlik moddasi “marixuana” deb ataluvchi giyohvand vositasi turkumiga kirishi aniqlandi. Viloyat 2-sonli sud narkologik ekspertizasining dalolatnomasida T.Akramov kannabinoidga tobelik 2-bosqichi kasalligi bilan kasallanganligi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 96-moddasini qo‘llab, tibbiy yo‘sindagi majburiy davolanish chorasiga muhtojligi ko‘rsatilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan T. Akramovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, unga to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

– Bugungi kunda ichki ishlar organlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari yanada hamkorlikni mustahkamlab, jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni chuqur tahlil qilishlari lozim, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi sudyasi Elyorjon Hakimov. – Mazkur jinoyat ham hududda yetarli targ‘ibot ishlarining yo‘lga qo‘yilmaganligi hamda oilalar bilan ish olib borilmaganligi natijasida sodir etilganligi ma’lum bo‘ldi. Sud ana shularni hisobga olib, O‘zbekiston tumanidagi “Qushqo‘noq” mahalla fuqarolar yig‘iniga xususiy ajrim chiqardi.

M.Sulaymonov, O‘zA
532