| O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Foto | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Inson manfaatlari doim ustuvorO‘zA, Bahor Xidirova, 31.07.2010 12:00 Inson manfaatlari muhofazasi jamiyatimizning boshqa sohalari qatori tibbiy-ijtimoiy jabhada olib borilayotgan islohotlarning ham ustuvor yo‘nalishini tashkil etadi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan tibbiyotimizni jahon andozalari darajasiga ko‘tarish, bu sohada ham hech kimdan kam bo‘lmaydigan sharoitlarni yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Tegishli davlat dasturlari qabul qilinib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Hozir yurtimizda uch mingdan ziyod qishloq vrachlik punkti va ko‘plab oilaviy poliklinikalar profilaktika xizmati ko‘rsatishda izchil ish olib bormoqda. Ushbu shifo maskanlarida faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot vrachlari jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini muntazam o‘zlashtirib kelmoqda. Ularga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ixtisoslashgan markazlarning yetuk olimlari joylarga chiqib, tibbiy-profilaktika ishlariga ko‘maklashmoqdalar. Kuni kecha davlatimiz rahbarining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladigan yana bir muhim qarori e’lon qilindi. Mamlakatimizning qishloq tumanlarida onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga oid chora-tadbirlar qamrab olingan bu hujjatda profilaktik sog‘liqni saqlashni yanada rivojlantirish, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” maqsadli vazifani izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga oid keng ko‘lamli vazifalar belgilangan. Birlamchi shifo maskanlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilayotgan e’tibor o‘z samaralarini berayotir. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, keyingi yillarda qishloq vrachlik punktlariga murojaat qiluvchilar soni bir necha barobarga ortgan. Hozir har bir QVPga kuniga o‘rtacha 68 kishi murojaat qilmoqda. Qishloq vrachlik punktlarida kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, davolashning takomillashgan usullarini qo‘llash natijasida tuman va viloyat shifoxonalariga tushayotgan bemorlar soni qariyb ikki barobarga kamaygan. Qishloq vrachlik punktlariga zamonaviy diagnostika asbob-uskunalarining o‘rnatilgani va ushbu shifo maskanlarida tibbiy ko‘riklarni tashkil etishda olimlar va shifokorlar hamkorligi yo‘lga qo‘yilgani ilgarilari butunlay sog‘lomlashtirish imkoniyati bo‘lmagan ko‘plab xastaliklarni o‘z vaqtida aniqlash va davolashda yaxshi samara bermoqda. Farg‘onalik Mohira Rustamova ana shunday imkoniyatlar tufayli olti yoshli o‘g‘li Mahmudalining salomatligini tiklay olgan yurtdoshlarimizdan biri. Poytaxtimizdan Farg‘ona viloyatining Oxunboboyev tumaniga borgan olimlar ishtirokida o‘tgan tibbiy ko‘rikda uning farzandida orttirilgan yurak nuqsoni borligi ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar bolani Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida jarrohlik usulida davolashga tavsiya qildilar. Kasallikning barvaqt aniqlangani operatsiya yengil o‘tishi va bolani tez oyoqqa turg‘azishga xizmat qildi. – Bolamda yurak xastaligi borligini eshitib, dastavval qattiq ezildim, – deydi M.Rustamova. – Biroq shifokorlar tibbiyotimiz bugun bunday xastaliklarni butunlay sog‘lomlashtirish imkoniyatiga ega ekanini aytishdi. Ularning tavsiyasiga binoan o‘g‘limni Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markaziga olib keldim. Bu yerda yaratilgan sharoit, shifokorlarimizning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni qo‘llashdagi mahorati umidimga umid qo‘shdi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozir bolam chopqillab yuribdi, qishloq vrachlik punkti shifokorlari uning salomatligini muntazam nazorat qilib turibdi. Qishloq aholisiga yuksak tibbiy diagnostika va davolash texnologiyasi asosida xizmat ko‘rsatayotgan zamonaviy shifo maskanlaridan yana biri Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi “Do‘stlik” qishloq vrachlik punktida ham poytaxtimiz va viloyatdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, tibbiy ilmiy markazlarning yetakchi olimlari va mutaxassislari ishtirokida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Shunday ko‘riklarning birida Qandim qishlog‘ida yashovchi olti yoshli Amriddin Xudoyorovda tug‘ma buyrak yetishmovchiligi borligi ma’lum bo‘ldi. QVP shifokorlariga bolani operatsiyaga tayyorlash usullari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. A.Xudoyorov bir necha oylik muolajalardan keyin Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining pediatriya majmuasida operatsiya qilindi. Amriddinni kamolga yetkazayotgan oilaning ijtimoiy ahvoli inobatga olinib, bolaga tuman ijtimoiy ta’minot bo‘limi tomonidan moddiy yordam tayinlandi. Bunday imkoniyat tufayli bola qisqa muddatda o‘z salomatligini tikladi, me’yorida o‘sib-rivojlanib, darslarni puxta o‘zlashtirib kelmoqda. Yurtdoshlarimiz hayotiga ma’no-mazmun, oilasiga shodlik, turmushiga farovonlik baxsh etayotgan bunday quvonchli voqealarni ko‘plab keltirish mumkin. Shunda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan “Bu muqaddas Vatanda azizdir inson” degan g‘oyaning nechog‘lik hayotbaxshligi va teran mazmun-mohiyati yanada oydinlashadi. Mustaqillikka qadar qishloqlarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning ahvolini tasavvur qilsak, bugungi kunlarimizga shukronalik hissi yanada ortadi. O‘sha paytlarda joylarda faoliyat yuritgan medpunktlarda birlamchi tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatar edi. Bunday shifokorlar haroratni o‘lchab, tinchlantiruvchi dori berishdan nari o‘tmas, bu yerda kasallikni aniqlash va davolash imkoniyati yo‘q edi. Shu bois xastalangan insonlar uzoq yo‘l bosib, tuman yoki viloyat markaziga borishga majbur bo‘lardi. Bu noqulaylik aholining tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kamaytirar, ko‘p hollarda xastalik qattiq xuruj qilsagina shifoxonaga borilardi. Bugungi kunda tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlar, istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar tufayli aholining turmush farovonligi kundan-kunga oshmoqda. Buning natijasida xalqimizning o‘rtacha umri 4-5 yilga uzaydi. Onalar va bolalar o‘limi keskin kamaydi. Millatimiz kelajagi va bo‘lg‘usi avlodlar kamolotini ko‘zlab amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” konsepsiyasi bu jabhadagi tadbirlarning muhim asosi bo‘lmoqda. Hozir yurtimizning barcha hududlarida “Ona va bola” skrining markazi faoliyat yuritmoqda. Ular zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Keyingi yillarda malakali shifokorlar chaqaloqlarni neonatal, homilador ayollarni prenatal, ko‘plab oilalarni genetik ko‘rikdan o‘tkazdilar. Skrining markazlari maxsus avtotransport vositalari bilan ta’minlanayotgani keng aholiga, xususan, qishloq ahliga zamonaviy andozalar darajasida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirmoqda. Mamlakatimiz tibbiyotining bunday yutuqlari mahalliy mutaxassislar va jamoatchiligimiz bilan bir qatorda xorijlik ekspertlar tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda. Onalik va bolalikni asrash, reproduktiv salomatlikni muhofazalash, tibbiyotning turli yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanlar ishtirokchilari – Rossiya tibbiyot fanlari akademiyasi prezidenti Mixail Davidov va AQSH kardiologlar uyushmasi a’zosi, doktor Tomas Elderlar bu xususda o‘z fikr-mulohazalarini quyidagicha ifodaladi: – O‘zbekistonda inson salomatligini muhofazalashning mustahkam va izchil tizimi shakllangan, – dedi M.Davidov. – Bu sohani taraqqiy ettirishga davlat darajasida qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir. Aholi salomatligini muhofazalashga yo‘naltirilgan dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat muassasalari, tegishli tuzilmalar bilan bir qatorda jamoatchilik tashkilotlari ham faol ishtirok etayotgani quvonarlidir. Mamlakatingizning bu boradagi tajribasini o‘rganish va targ‘ib etish zarur. Biz bu sohada muntazam hamkorlik qilish va tibbiyotning dolzarb masalalari yechimini topishda tajriba almashishdan manfaatdormiz.– Mamlakatingizning tibbiyot ilmi katta salohiyatga ega ekaniga guvoh bo‘ldim, – dedi T.Elder. – Aholining barcha qatlami birdek foydalana oladigan tibbiy xizmat davlat tomonidan kafolatlangani meni g‘oyat quvontirdi. Bunday imkoniyat dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mavjud emas. Yurtingizda an’anaviy tarzda xalqaro tibbiy ilmiy anjumanlar tashkil etilayotgani sohadagi yangiliklar yuzasidan tajriba almashish, sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘ziga xos an’analarni keng targ‘ib etish, ilm-fan faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ha, inson manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan bunday islohotlar xalqimizning salomatligini muhofazalash, millatimizning genofondini mustahkamlash, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdek xayrli ishlarda muhim omil bo‘layotir. So‘nggi yangiliklar: Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |