| O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية | Saytning oldingi versiyasi |
![]() |
| Siyosat | Iqtisodiyot | Jamiyat | Texnologiyalar | Madaniyat | Sport | Hujjatlar | Foto | Xorij xabarlari | Ob-havo | Valyutalar |
Narpayda zamonaviy qishloqO‘zA, G‘olib Hasanov, 30.07.2010 12:13 Prezidentimizning 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilda Samarqand viloyati tumanlaridagi 21 qishloqda namunaviy loyihalar asosida 650 zamonaviy uy-joy qurilishi davom etmoqda. Qishloqlarimiz qiyofasini o‘zgartirish, ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shish, aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar yuksak samaralar bermoqda. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan “Qishloq taraqqiy topsa, yurtimiz obod, hayotimiz yanada farovon bo‘ladi”, degan ezgu g‘oyaning hayotga izchil tatbiq etilishi odamlar ongu shuurini, hayotga munosabatini butunlay o‘zgartirib yubordi. Mamlakatimizning barcha hududlarida namunaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan zamonaviy uy-joylarga aholining qiziqishi va talabi ortib borayotgani ham buning yorqin dalilidir. Bu yil Samarqand viloyatining Narpay tumanida 51 oila ana shunday zamonaviy uy-joylarga ega bo‘ladi. Tumanning Nog‘oraxona mavzesida bunyod etilayotgan zamonaviy uylar qishloq qiyofasiga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlamoqda. Tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha talabgorlar uy-joy narxining 25 foizi miqdoridagi dastlabki badalni to‘liq to‘lab bo‘lganlar. “Qishloq qurilish bank” tomonidan ularga kredit mablag‘lari ajratilgan. Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan ushbu uy-joylarning aholiga uzoq muddatli ipoteka krediti asosida berilayotgani ularga ega bo‘lish imkoniyatini kengaytirmoqda. Aholi uy-joy narxining 25 foizi miqdoridagi boshlang‘ich badal pulini to‘laydi va qurilish sarf-xarajatlarining qolgan qismi “Qishloq qurilish bank” tomonidan beriladigan uzoq muddatli imtiyozli kredit hisobidan qoplanadi. Kreditni 15 yil davomida asta-sekin to‘lab borish tartibi uy egalariga katta yengillik bermoqda. Nog‘oraxonadagi zamonaviy uylar bosh pudratchi – “Narpay Ozodabegim” va “Nurmon qurilish savdo” ixtisoslashtirilgan qurilish-pudrat korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda. – Mazkur uy-joylar qurilishi bo‘yicha asosiy ishlarni bajarib bo‘ldik, – deydi “Narpay Ozodabegim” korxonasi ijrochi direktori Rustam Rahmatov. – Qurilish materiallarini imtiyozli narxlarda olayotganimiz ish unumdorligini oshirish, uy-joylar tannarxini arzonlashtirish imkonini bermoqda. Pishiq g‘isht, eshik-rom va boshqa bir qator qurilish ashyolari o‘zimizning “Zarafshon” firmamizda ishlab chiqarilayotgani katta qulaylik yaratayotir. Uylarga kommunikatsiya tarmoqlarini o‘tkazish ishlari zamonaviy jihozlar yordamida yuqori malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi. Ayni paytda so‘nggi pardozlash ishlari bajarilmoqda. Namunaviy loyihalarni tanlashda hududning tabiiy-iqlim sharoiti, aholi turmush tarzi va ijtimoiy-demografik xususiyatlari hisobga olingan. Jumladan, uy ichidagi yo‘lak va darvozaxonaning birmuncha kengligi, mehmonxonaga ikki tarafdan eshik o‘rnatilgani, hovlida ekin va ziravorlar ekish uchun sharoit yaratilgani uy egalariga manzur bo‘lmoqda. Yangi mavzeda zamonaviy uy-joylar bilan bir qatorda, ko‘plab ijtimoiy soha obyektlari barpo etiladi. Hozir bu yerda 360 o‘rinli maktab va zamonaviy qishloq vrachlik punkti qurish uchun yer ajratildi. Bundan tashqari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etish ham ko‘zda tutilgan. Kelgusi yilda esa qishloqni yanada kengaytirish, namunaviy loyiha asosida qo‘shimcha o‘ttizta uy qurish mo‘ljallanmoqda. So‘nggi yangiliklar: Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar |
Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |