O‘zA O`zbek

23.02.2018 11:57 Chop etish versiyasi

13-son maktabgacha ta’lim muassasasida ovqat hovlida, o‘choqda tayyorlanganmi?

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlarda aholini o‘ylantirayotgan, qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish bщyicha ishlari davom etmoqda.

Parlament quyi palatasi rasmiy veb-saytida keltirilishicha, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Nazir Sobirov G‘ijduvon tumanining «Sarvari», «Tavariyon», «Zarangari», «Abdulla Qahhor» hamda «Qo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, aholi vakillari bilan yuzma-yuz, ochiq muloqotlar o‘tkazdi.

«Sarvari» mahalla fuqarolar yig‘inidagi 54-son maktabgacha ta’lim muassasasi o‘rganilganda muacsasaning dori-darmon vositalari bilan to‘liq ta’minlanmaganligi aniqlandi. 100 nafar bola tarbiyalanayotgan 13-son maktabgacha ta’lim muassasasi esa 2016 yilda kapital ta’mirlangan bo‘lsa-da, muassasa oshxonasida o‘rnatilgan elektr pechi ulanmagan, kanalizatsiya oqava tizimi yo‘q. Ushbu kamchiliklar sabab ovqat hovlida, o‘choqda tayyorlanmoqda. Tuman elektr tarmoqlari va moliya bo‘limi bilan bog‘lanib, masala yechimi ijobiy hal etildi.

Uchrashuvlar davomida aholi hududda toza ichimlik suvining yo‘qligi va umuman yetib kelmaganligi, yo‘llarni ta’mirlash zarurligi qayd etdi. Muammolar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, «Tavariyon» mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarolari yashab kelayotgan hududidan shahar markazigacha bo‘lgan masofada transport yo‘lga qo‘yilishini so‘rab murojaat etdi. Deputat ko‘magida tuman hokimligi tomonidan Tavariyon yo‘nalishi bo‘yicha tendir tanlovi o‘tkazilib, joriy yilning 20 aprel kuniga qadar avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi aholiga ma’lum qilindi.

Tumandagi «Abdulla Qahhor» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli To‘qimachilar ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi tomonidan shirkat rahbaridan va to‘lovlardan norozilik yuzasidan e’tirozlar bildirildi. Ushbu masalalar yuzasidan shirkat rahbarini o‘zgartirish va to‘lovlarni kamaytirish borasida Qonunda belgilangan tartibda ish ko‘rish lozimligi borasida tushuntirish ishlari olib borildi.

O‘zA
5 471