Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.05.2018 08:00 Chop etish versiyasi

12-may – Xalqaro hamshiralar kun. Tibbiyot xodimi mehnati bilan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart

Shifoxonadagi ilk taassurot insonning tibbiyot muassasasiga ishonchi va e’tiborini kuchaytirishgina emas, uning sog‘lig‘ini
09.jpg
 asrash va mustahkamlashning ham muhim omilidir. Demak, aholiga malakali tibbiy yordamni tashkil etish uchun, avvalo, hamshiralarning o‘z ishiga mas’uliyatini kuchaytirish muhim.

Alisher SHODMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri.

05.jpgMalakali tibbiy xizmatdan foydalanish har bir insonning kafolatlangan huquqidir. Bosh Qomusimiz bilan mustahkamlab qo‘yilgan mazkur huquqiy normani hayotga tatbiq etish, xalqimizning tibbiy xizmatdan roziligini ta’minlash, hayotiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida birlamchi, ixtisoslashgan, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonda har bir insonning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangani zimmamizdagi burch va mas’uliyat naqadar katta ekanligini ko‘rsatadi.

Shubhasiz, keyingi ikki yilning o‘zida bu borada huquqiy, tashkiliy, ilmiy-amaliy jihatdan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning sog‘liqni saqlash tizimini isloh etishga yo‘naltirilgan farmon va qarorlari qabul qilindi. Jadallik bilan olib borilayotgan ushbu tibbiy-ijtimoiy tadbirlar jarayonida sohaning har bir bo‘g‘ini, jumladan, hamshiralik ishini takomillashtirishga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Bugun zamonaviy hamshira haqida so‘z ketar ekan, tibbiyotning turli sohalarida kunni tunga ulab ishlayotgan fidoyi, bilimdon, mohir, chaqqon, epchil, zukko, o‘rta tibbiyot xodimlarining qiyofasi ko‘z o‘ngimizda jonlanadi. Yurtimizda uch yuz mingdan ziyod shunday o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar el sog‘lig‘ini asrash yo‘lida shifokorlar bilan bir safda ish olib boryapti. O‘ttiz ikki millionlik xalqimiz orasida ularning beminnat xizmatiga ishi tushmagan odamni topish mushkul bo‘lsa kerak. Zero, hamshiralar hamisha tibbiyotning eng oldingi bo‘g‘inlarida ish olib boruvchi mutaxassislardir. Tibbiy-ilmiy markazlardan tortib qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlarigacha bo‘lgan bo‘g‘inda tibbiy maslahat yoki ko‘mak so‘rab kelgan insonga, eng avvalo, ular peshvoz chiqadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, hamshiralarning malakasi, muomala madaniyati tibbiy xizmatning holati haqida dastlabki tasavvurni shakllantiradi. Tabiiyki, shifoxonadagi ilk taassurot insonning tibbiyot muassasasiga ishonchi va e’tiborini kuchaytirishgina emas, uning sog‘lig‘ini asrash va mustahkamlashning ham muhim omilidir. Demak, aholiga malakali tibbiy yordamni tashkil etish uchun, avvalo, hamshiralarning bilimi, malakasini oshirish, kasbiy mahoratini yuksaltirish, o‘z ishiga mas’uliyatini kuchaytirish nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu vazifalarni tizimli asosda bajarish uchun, dastavval, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, amaliyotda ishlayotgan mutaxassislarga o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun munosib sharoit yaratish masalasi bugun dolzarbdir. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, keyingi yillarda tibbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

8.jpg

Mamlakatimizning barcha hududlaridagi tibbiyot kollejlari faoliyati ana shu talab va mezonlardan kelib chiqib takomillashtirilmoqda. Ushbu ta’lim muassasalarining moddiy-texnika salohiyatini yuksaltirish, ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash bo‘yicha uzluksiz chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Bu yil ham tibbiyot kollejlarini ellik ikki ming nafar o‘quvchi bitirib, ishga yo‘llanma oladi. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida kollej – korxona loyihasi yaxshi samara bermoqda.
Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib oliy ma’lumotli hamshiralar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani aholiga hamshiralik yordamini sifatli ko‘rsatish, bu yo‘nalishda jahon tibbiyotining eng ilg‘or uslublarini amaliyotga joriy etishda muhim omil bo‘lmoqda. Bugungi kungacha Toshkent tibbiyot Akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” bo‘limlarida anesteziologiya va reanimatsiya, xirurgiya, akusherlik va menejment yo‘nalishlari bo‘yicha to‘rt yarim ming oliy ma’lumotli bakalavr hamshiralar tayyorlandi, yuzga yaqin hamshiralar magistr darajasiga ega. Ular davolash-profilaktika muassasalarida bosh, katta va yetakchi hamshira hamda tibbiyot instituti va kollejlarida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Yaqin-yaqingacha oliy ma’lumotli hamshiralar ham Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazida malaka oshirar edi. Biroq, tajribalar bu mezon o‘zini u qadar oqlamasligini ko‘rsatdi. Zero, oliy ma’lumotli hamshira nafaqat hamshiralik ishini yuritadi, balki sohaga doir tajribalarni boyitish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalar o‘tkazish salohiyatiga ega malakali kadr hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-aprelda qabul qilingan “Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi muammolarni bartaraf etishda muhim huquqiy asos bo‘ldi. Ushbu hujjatga muvofiq, 2017/2018-o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotli hamshiralar Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida malaka oshirmoqda. 

03 (1).jpg

Shuningdek, o‘rta tibbiyot xodimlarining malaka oshirish jarayonida ochiqlik-oshkoralik, adolat prinsiplariga qat’iy rioya qilish, tinglovchilar o‘qishi, yashashi, munosib bilim egallashi, tajriba oshirishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi bu borada bir qator yangiliklarni joriy etdi. Hozirda yangi loyiha va takliflar ustida ishlamoqda. Jumladan, hujjatlarni elektron qabul qilish tizimi joriy etildi, ta’lim va uslubiy ishlar zamon talabidan kelib chiqib takomillashyapti.

Mamlakatimizda patronaj hamshira faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga ancha yillar bo‘ldi. Biroq, bu sohada ishlarning huquqiy-tashkiliy asoslari zamon talabiga to‘la javob bermagani uchun aholi patronaj xizmatidan qoniqish hosil qilmadi. Keyingi yillarda bu muammolarni bartaraf etish, patronaj xizmatini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va birlamchi profilaktika ishlariga beshta tashkilot mas’ul etib belgilandi. Ya’ni ushbu vazifalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy bo‘limlari, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari va maktabgacha ta’lim boshqarmalari bilan hamkorlikda bajarilmoqda. Shuningdek, ushbu tashkilotlar aholini maqsadli patronaj bilan qamrab olish, ularda tibbiy madaniyatni shakllantirish hamda oila va ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida har bir mahallada jamoatchilik asosida “Salomatlik maktablari” tashkil etib, ular faoliyatini tizimli olib bormoqda.

7.jpg
Bugungi kunda yurtimizdagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida umumiy amaliyot vrachlari, tor mutaxassislar bilan bir qatorda bir yuz ikki ming nafardan ko‘proq patronaj hamshiralar xalqimizga tibbiy yordam ko‘rsatmoqda. Ularga o‘z zimmalariga yuklangan vazifalarni samarali ado etishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish doimiy e’tiborimizda.

2017 yil 13 sentyabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarining samaradorligi uchun mas’uliyatni oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi soha rivoji uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi. Ushbu qarorga muvofiq, birlamchi tibbiy-sanitariya tizimida ishlayotgan vrachlar qatorida aholini patronaj bilan to‘liq qamrab olish, onalar, bolalar o‘limi, nogironlikning oldini olish, kasallikka chalinish ko‘rsatkichlarini pasaytirishga erishayotgan patronaj hamshiralar ham moddiy rag‘batlantiriladigan bo‘ldi.

Albatta, bularning barchasi tibbiyot tizimida erishilayotgan natijalarning ma’lum bir qismi, xolos. Hali oldimizda o‘z yechimini kutayotgan vazifalar talaygina. Biz qishloq joylarda patronaj qamrovi sifatini yanada yaxshilash, dispanserizatsiya ishlarini zamon talablari darajasida tashkil etish, aholining barcha qatlamiga hamshiralik yordamini samarali ko‘rsatish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish kabi ishlarimizni yangicha mezon va ta’sirchan usullarda olib borishimiz lozim.

Har bir hamshira bu borada tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarga o‘zini daxldor deb hisoblab, unga o‘z hissasini qo‘shishga intilsa, o‘ylaymanki, albatta, bu mehnatining mevasini totadi. Xalqimizning tibbiyot tizimiga, jumladan, patronaj xizmatiga ishonchi kuchayadi, oilada, jamiyatda tibbiy dunyoqarash yuksaladi. Bu natijalar tibbiyot taraqqiyoti, inson salomatligi, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirishda muhim poydevor bo‘ladi.

9 878