O‘zA O`zbek

01.09.2018 10:56 Chop etish versiyasi

12 ehtiyojmand oila bayramni yangi uylarda nishonladi

12 ehtiyojmand oila bayramni yangi uylarda nishonladi
Sirdaryo tumanidagi Adolat mahallasida 12 ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan, ehtiyojman va yolgʻiz onalar mamlakatimiz mustaqilligining 27 yillik bayramini yangi uyda qarshi oldi.

“Sayxun muhandislik” hamda “Zukko Hamkor Ishonch” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari quruvchilari tomonidan qisqa fursat davomida ushbu 2 ta 2 qavatli uy yangidan barpo etildi. Bu uylarni qurishda viloyatda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanildi.

– Ushbu uylar har birining loyiha qiymati 933 million soʻmdan boʻlib, jami 12 oilaga moʻljallangan, – deydi tuman hokimining qurilish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Xudoyberdi Najmullayev. – Xonadonlarning har biri eng zamonaviy isitish tizimi, tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi va boshqa barcha zarur kommunikatsiya xizmati koʻrsatish tarmoqlariga ulangan.

– Bugun mening oilam uchun qoʻshaloq bayram, – deydi ikkinchi guruh nogironi, yolgʻiz ona Venera Ananina. – Jonajon Oʻzbekistonimizning 27 yillik bayramiga qoʻshib uy toʻyi ham qilyapmiz. Har joyda, hech qanday qulayliklari boʻlmagan kvartiralarda ijaraga yashab yurardim. Nihoyat endi oʻz uyim bor. Bu 2 xonali uyda yaratilgan sharoitlarni tasavvur ham qilolmaganman. Xovos temir yoʻl bekatida kasanachi sifatida roʻyxatga olindim. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik kompaniyasining buyurtmalarini tikyapman. Moddiy tomondan ham kam-koʻstimiz yoʻq.

Abdujalol Qayumov, OʻzA
1 914