Русский | English | Français | Deutsch | العربية Saytning oldingi versiyasi

Jamiyat RSS

Ko‘klam yumushlari avjida

O‘zA, Sayyora Shoyeva, 13.03.2010 16:16

Yurtimizda Navro‘z nafasi ufurib, shaharu qishloqlarda ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari ko‘lami yanada kengaymoqda.

Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga qarashli “Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik” ochiq aksiyadorlik jamiyati shu kunlarda shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga, korxona va tashkilotlarga, aholiga ko‘plab turdagi daraxt va gul ko‘chatlari yetkazib berayotir. Har bir gul va daraxt ko‘chati ko‘paytirilayotganda uning iqlim sharoitimizga mosligi, gullash davri va rangi alohida e’tiborga olinadi. Mazkur ochiq aksiyadorlik jamiyati ixtiyoridagi 300 gektardan ko‘proq maydonda 300 nafarga yaqin ishchi qariyb ikki yuz xil manzarali, butasimon daraxt ko‘chatlari va gullarni alohida mehr bilan parvarishlamoqda. Tyan-Shan archasi, zangori archa, ehromsimon eman, oq qayin, palma, kashtan, yapon saforasi, astra, salviya, antirinum, petuniya, begoniya, gladiolus shular jumlasidandir.

Ayni paytda bog‘bon va gulchilar tuproq tanlamaydigan, qurg‘oqchilikka chidamli, yurtimiz ekologiyasining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladigan manzarali va dorivor daraxtlar sonini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Yapon behisi, saforasi, kashtan kabi daraxt turlarini urug‘idan ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, atrof-muhit musaffoligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan yapon saforasini ko‘paytirish uchun uning urug‘idan 15 ming donadan ziyod nihol undirildi. Qariyb o‘n gektar maydonda esa kashtan nihollari ko‘paytirilmoqda.

Yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ko‘lami tobora kengayib borayotgani samarasida mazkur jamiyat tomonidan hozir ikki million donadan ziyod turli xildagi daraxt va gul ko‘chatlari yetishtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan ikki baravar ko‘p demakdir.

So‘nggi yangiliklar:

Shaxmatchimiz sovrinli o‘ringa da’vogar

Ob-havo ma’lumoti

Iqtidorli sportchilar bellashuvi

Inson manfaatlari doim ustuvor

Telefon tarmog‘i taraqqiyoti

Reklama