O‘zbekcha | Русский | English | Français | Deutsch | العربية Saytning oldingi versiyasi

Jamiyat RSS

Akademik Po‘lat Habibullayev

08.02.2010 19:53

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Atoqli fizik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Po‘lat Qirg‘izboyevich Habibullayev shu yil 7 fevral kuni 74 yoshida vafot etdi.

P.Habibullayev 1936 yilda Andijon viloyatining Asaka tumanida tug‘ildi. 1960 yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tugatdi, 1964 yilda nomzodlik, 1972 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. U 1973 yilda professor unvoniga sazovor bo‘ldi, 1984 yilda esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zoligiga saylandi.

1963 yili Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)da katta o‘qituvchi sifatida ish boshlagan P.Habibullayev qariyb 50 yil davomida samarali ilmiy-pedagogik faoliyat olib bordi. U Toshkent davlat pedagogika instituti kafedra mudiri, Andijon paxtachilik instituti rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti direktori, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti va prezidenti, Fan va texnika davlat qo‘mitasi raisi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar markazi direktori hamda Fanlar akademiyasining Issiqlik fizikasi bo‘limi rahbari kabi lavozimlarda xizmat qildi.

P.Habibullayev davlat va jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, O‘zbekiston Oliy Kengashi Prezidiumi raisi, O‘zbekiston Oliy Kengashining Xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi singari mas’ul vazifalarda faoliyat ko‘rsatdi.

Atoqli olimning fizika sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 500 dan ortiq maqolasi, 30 ga yaqin monografiyasi mamlakatimiz ilm-fani rivojiga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

P.Habibullayev jonkuyar ustoz sifatida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlarini tayyorlashga bevosita rahbarlik qildi.

Akademik P.Habibullayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga, “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo‘lgan edi.

Yirik olim, iste’dodli ilm-fan tashkilotchisi, mehribon ustoz Po‘lat Habibullayevning yorqin xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi.

I.Karimov, I.Sobirov, D.Toshmuhamedova, SH.Mirziyoyev, E.Zohidov, A.Aripov, SH.Solihov, M.Salohiddinov

So‘nggi yangiliklar:

Samimiy qutlovlar

Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlar

Har bir uy e’tiborda

“Yoz-2010” g‘oliblari aniqlandi

Bu muqaddas Vatanda azizdir inson

Reklama