Saytning oldingi versiyasi Русский | English | Français | Deutsch

Jamiyat RSS

Xotin-qizlar bandligi – muhim vazifa

O‘zA, L.Suvonov, 08.02.2010 18:31

2009 yilda Toshkent viloyatida 44 mingdan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlandi.

Mamlakatimizda aholi o‘rtasida bandlik darajasini oshirish, xususan, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasiga katta ahamiyat berilmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, manfaatlarini himoyalash, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda bo‘lib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Toshkent viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi tomonidan mazkur farmon ijrosi yuzasidan bir qator xayrli ishlar amalga oshirilayotir.

O‘tgan yili “Aholini ish bilan ta’minlash” hududiy dasturiga ko‘ra, viloyat iqtisodiyotining barcha sohalarida 85 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratildi. Shuning 44 mingdan ko‘prog‘i xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Davlatimiz rahbarining 2006 yil 5 yanvarda qabul qilingan “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni ham joylarda ish bilan band bo‘lmagan aholini uy sharoitida mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga jalb etish, kasanachilarning ijtimoiy va mehnat kafolatlarini ta’minlash borasida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘tgan yili viloyatda kasanachilik asosida xotin-qizlar uchun besh mingdan ortiq ish o‘rinlari ochilgani ham buning yaqqol dalilidir.

– Kasanachilik biz, ayollar, ayniqsa, uy bekalari uchun har taraflama qulaylik tug‘dirmoqda, – deydi Zangiota tumanidagi “Bo‘zsuv” qishloq fuqarolar yig‘inidan U.Hamdamova. – Farzandlar tarbiyasidan ortib, qo‘shimcha daromad qilishga imkon topa olmayotgan edim. Tumanimizdagi Bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari bu borada menga yordam berishdi.

– Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda, – deydi Toshkent viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i H.Isamuhamedov. – Ana shunday fuqarolar uchun korxona va tashkilotlarda sakkiz mingdan ortiq ish o‘rni zaxiralangan edi. Ayni paytgacha shu toifaga kiruvchi 8200 nafarga yaqin fuqaro ishga joylashtirildi. Shu bilan bir qatorda ishlash qobiliyatiga ega nogironlarning yigirma nafardan ortig‘i ish bilan ta’minlandi.

Joylarda mehnat bo‘limlari tomonidan 2009 yilda 135 mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Bu yarmarkalarda viloyatdagi uch mingdan ortiq korxona va tashkilotlar yigirma uch mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Yarmarkalarda qatnashgan yigirma besh mingdan ortiq fuqarolarning asosiy qismi ishga joylashtirildi. Shuning uch mingdan ortig‘ini ayollar, to‘rt mingdan ko‘prog‘ini esa yoshlar tashkil etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Intilish va izlanish samarasi

Yosh avlod manfaatlari doimiy himoyada

Bayram tadorigi qizg‘in

Mahallada bayram shukuhi

Zamonaviy nasos stansiyasi

Reklama