O‘zA O`zbek

11.08.2018 11:30 Chop etish versiyasi

11 kishi chet elga chiqishga qo‘yilgan taqiqining bekor qilinishini so‘ragan

11 kishi chet elga chiqishga qo‘yilgan taqiqining bekor qilinishini so‘ragan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2018 yil 27 iyulda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha Jizzax viloyati IIB fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiya boshqarmasi tomonidan viloyatning barcha hududlarida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, Baxmal tumanida huquq tartibot idoralari, hokimlik hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ana shunday tadbirlardan biri tashkil etildi. Tadbirda fuqarolik pasportini o‘z vaqtida rasmiylashtirish, ro‘yxatdan o‘tish tartib qoidalariga amal qilish, xorijga chiqish va kirish me’yorlarini buzmaslik kabi holatlar yuzasidan fikr yuritildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan yetti oyi davomida fuqarolar tomonidan viloyat IIB fuqarolikni rasmiylashtirish va migratsiya boshqarmasiga 391 murojaat kelib tushgan. Shundan 125 kishi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish, 13 kishi fuqarolikdan chiqish, 21 kishi doimiy ro‘yxatdan o‘tish, 9 nafar fuqaro vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish yuzasidan murojaat etishgan. Bundan tashqari, 17 kishi doimiy ro‘yxatdan o‘tib yashash guvohnomalarini rasmiylashtirish, 59 kishi biopasport olishni tezlashtirish, 19 kishi chet elga chiqish yozuvini olish bo‘yicha, 11 kishi chet elga chiqishga qo‘yilgan taqiqini bekor qilish, 18 kishi aliment undirish, 34 kishi jarima miqdorini kamaytirish yuzasidan ariza yozgan.

Tadbirda aholi tomonidan bir qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalar muhokamasi o‘rtaga tashlandi. Chunonchi, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit ajratish, ish bilan ta’minlash, yo‘l qurilishi, kommunal xizmat sifatini yaxshilash yuzasidan talab va takliflar bildirildi.

Yig‘ilish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli idoralar vakillariga topshiriqlar berildi.

I. Avvalboyev, O‘zA
2 442