O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

1000 tonna sigʻimga ega past haroratli sovitkich foydalanishga topshirildi

1000 tonna sigʻimga ega past haroratli sovitkich foydalanishga topshirildi

Yurtimiz meva sabzavotlarining xorijda xaridorlari ortib, ayni yoʻnalishda eksport salohiyati ham koʻpaymoqda. Maʼlumotlarga qaraganda joriy yilda 2,2 million tonnalik, qiymati 1,55 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi meva-sabzavot eksporti amalga oshirish rejalashtirilgan. Albatta bunda isteʼmolchiga mevalarni asosiy xossalari buzilmasdan yetib borishi katta ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Qishloq xoʻjaligi vazirligi past haroratli omborxonalar qurilishiga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida “Oʻzbekistonda past haroratli omborxonalarni joriy qilish orqali qishloq xoʻjaligini qoʻllab quvvatlash” loyihasi doirasida Koreya Respublikasi hukumatining 3.5 mln. dollarlik grant mablagʻlari hisobidan sigʻimi 1000 tonna boʻlgan majmua qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur omborxona Koreya Respublikasining “KRC” Community Corporation, “DONG IL Engineering Consultants Co. Ltd.”, “DAEYANG Co. Ltd.”, “TSTI” Co. Ltd.”,“AJIN Co. Ltd.” va “JH Co. Ltd.” kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan.

Majmuaning ochilish marosimida Qishloq xoʻjaligi vazirligining boshqarma boshligʻi Rustam Mamajonov, Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon, “KRS” Community Corporation prezidenti An Song Su, “Agroinnovatsiya” Davlat unitar korxonasi rahbari Shavkat Salomovlar soʻzga chiqib, loyihaning ahamiyatli jihatlariga toʻxtalib oʻtishdi.

- Past haroratli omborxona qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, meva-sabzavot mahsulotlarini sifatli saqlashda muhim omil boʻladi, - deydi “Agroinnovatsiya” DUK rahbari Shavkat Salomov. - Toshkent viloyatida bogʻdorchilikka alohida eʼtibor qaratiladi. Bu omborxonaning qurilishini hudud aholisi ham katta xursandchilik bilan qarshi olishdi. Chunki endilikda ular yetishtirayotgan meva va sabzavotlarning saqlash muddati bir necha barobarga oshdi. Oddiy sharoitda uch kun saqlanadigan mevalar bu yerda oylab saqlanishi mumkin. Albatta, ushbu omborxonani barqaror faoliyatini taʼminlovchi mutaxassislar masalasi ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. Bunda koreyalik hamkorlar koʻmagida xodimlar malakasi ham muntazam oshirib boriladi.

Marosimda soʻzga chiqqan koreyalik mutaxassislarning taʼkidlashicha, oʻzbek mevalari Janubiy Koreyada ancha xaridorgir. Past haroratli omborxona eng soʻnggi jihozlar bilan taʼminlangan boʻlib, mevalarning asl xolicha saqlanishida qoʻl keladi.

Tadbirda majmua qurilishida faol ishtirok etganlarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

2 612
O"zA